Non aholi isteʼmoli uchun muhim bo‘lgan va doimo ehtiyojdagi oziq-ovqat mahsulotlari sirasiga kiradi. Shu bois ham don yetishtirish, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish dolzarb vazifalardan sanaladi.
Bu borada esa mamlakatimizda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Farg‘ona shahrida joylashgan “Vodiy yuksalish davri tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham don mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bugun ko‘pchilikning duosini olayotgan korxonalardan, deyish mumkin. Videolavhamizda ushbu korxona va uning faoliyatiga to‘xtalamiz.
“Vodiy yuksalish davri tomorqa xizmati” MChJ 2014-yilda tashkil etildi. Albatta, jamiyat oldida yangi maqsadlar, rejalar bisyor edi. Oradan olti yil o‘tib, yaʼni 2020-yilda ushbu korxonada yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Ushbu loyiha donni qayta ishlash hamda qolipli non ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, qiymati 1,1 mln dollarni tashkil etdi. Shundan Jahon banki tomonidan ajratilayotgan kredit liniyasi hisobidan Turkiyadan 495 ming AQSH dollari miqdoridagi zamonaviy texnika olib kelindi. Tadbirkorning o‘zi esa, loyihaga 7 milliard so‘m mablag‘ tikdi.
Bu loyihani uch bosqichda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqichida 38 nafar yangi ishchi o‘rni yaratish maqsad qilingan bo‘lib, hozirda bu yerda 14 nafar doimiy ishchi ish bilan taʼminlangan.
Korxona kunlik 60 tonna bug‘doyni qayta ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, yillik quvvati 21 600 tonnani tashkil qiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 75 foizini eksportga yo‘naltirilish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishda Qozog‘iston va Afg‘oniston bilan hamkorlik qilinmoqda. Eksport salohiyati borgan sari ortmoqda.
Bu esa haqiqiy mehnat qilinayotganidan, ish ko‘lami va sifati ortayotganidan darak beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: