Ma’lumki, kimyoviy moddalardan, pestitsidlardan nazoratsiz foydalanish muayyan muddatda hosdildorlikni oshirishga xizmat qilsada, tuproqning umumiy unumdorligini pasaytirib, ekologiyaning ifloslanishiga, insonlar, hayvonlar va o‘simliklar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Zararkunandalarga qarshi kurashishning biologik va fizik usullari yakka tarzda qo‘llanganda uning afzalliklari bilan bir qatorda, kamchiliklari ham ko‘zga tashlanadi. Yevropa Ittifoqining ASK dasturi ekspertlari fikriga ko‘ra, mamlakatda zararkundalarga qarshi integratsiyalashgan boshqaruv (IPM) tizimini keng joriy etish yuqoridagi kamchiliklarga munosib yechim bo‘ladi.
Ushbu masalalarni ko‘rib chiqish maqsadida Zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan boshqaruv (IPM) bo‘yicha o‘quv treningi tashkil etildi. U O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishtirokida ASK dasturi texnik ko‘magida, Buyuk Britaniyaning CABI tashkiloti hamda Tabiiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Ikki hafta davom etgan trening mashg‘ulotlari qishloq xo‘jaligi sohasida salkam 40 yillik tajribaga ega xorijiy ekspertlar Xans Dobson va Manfred Grossrider tomonidan olib borildi. Unda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati AKIS markazi va boshqa tegishli muassasalarning 30 ga yaqin ilmiy xodimlari, shuningdek, xususiy sektor vakillari ishtirok etishdi.
O‘quv kursi yakunida 20 nafar tinglovchiga sertifikatlar topshirildi. Ushbu mutaxassislar kelgusida ishlab chiqiladigan o‘quv dasturi asosida hududlardagi agronom-inspektorlarga IPM ta’limini berishi kutilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: