O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi arafasida Parij shahrida ikki mamlakatning investitsion hamda savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Fransiya biznes-hamjamiyati o‘rtasidagi ishbilarmon doiralarning, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mouvement des Entreprises de France International tashkiloti o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov, Fransiya Respublikasining savdo bo‘yicha vazir-delegati Oliver Besht, O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi, “Orano” kompaniyasi boshqaruv raisi Klod Imovin, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari, xoldinglari hamda harakatining 150 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Klod Imovin ochar ekan, O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, mamlakatning jahon savdo tizimlariga integratsiyalashuvi, sanoatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi, samaradorligi va o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani va ikki davlat uchun ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha iqtisodiy sheriklik izchil kengayib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi, Fransiya ishbilarmonlarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga chaqirdi.
Forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Mouvement des Entreprises de France International (Fransiya xalqaro ishbilarmonlik harakati) oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandum qishloq xo‘jaligi sohasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish hamda ushbu soha korxonalari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro manfaatli shartlarda ularning milliy qoidalari va qonunchiligiga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan.
O‘z navbatida, tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi Fransiya fuqarolari bo‘yicha vazir–delegat Oliver Besht ta’kidladi: “Iqtisodiy o‘sishda biznes alohida o‘rin tutadi va shuning uchun ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish eng yuqori darajadagi muhokamalar kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘ldi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy muloqotni rivojlantirishning kalitidir. Istiqbolli sohalar qatorida energetika, yuqori texnologiyalar, transport va logistika, ijtimoiy xizmatlar va boshqalar bor. O‘zbekiston bugungi kunda puxta o‘ylangan rivojlanish strategiyasi bilan mashhur bo‘lib, uning samaradorligi turli soha va tarmoqlardagi kompaniyalar e’tiborini tortmoqda. Zamonaviy O‘zbekistonning dunyoqarashi aniq, irodasi mustahkam, yondashuvi konstruktiv ekani bilan ajralib turadi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotni ochish, uni yanada jozibador qilish imkonini taqdim etdi. Ushbu islohotlar iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda nafaqat ijobiy samara berdi, balki sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishga ham turtki bo‘ldi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning mavjud salohiyati ikki mamlakat aholisi manfaatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotning barcha muhim tarmoqlarini qamrab olishi mumkin. Maqsadimiz – sa’y-harakatlarni birlashtirish va yangi loyihalar yaratish, biznesni yanada rivojlantirish masalasiga konstruktiv yechim topishga qaratilgan muloqotni rag‘batlantirishdir”.
Forumda iqtisodiyotga xorijiy sarmoya kiritish hajmi o‘n barobar oshgani, 72 million aholiga ega Markaziy Osiyo va 300 million aholi istiqomat qiladigan MDH mamlakatlari bozorlariga chiqish imkoniyati mavjudligi alohida ta’kidlandi. Yevropa Ittifoqining GSP+ benefitsiari maqomi O‘zbekistonga 6000 dan ortiq turdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqi bozorlariga imtiyozli shartlarda eksport qilish imkonini bermoqda va hukumat eksportchilar transport xarajatlarining 70% qoplashga tayyor. Shuningdek, mamlakatimizda malakali, iqtidorli va bilimli yoshlar borligi, qazib olish uchun imtiyozli shart-sharoit yaratilgan katta hajmdagi tabiiy boyliklarga ega ekani, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm kabi yo‘nalishlarda 22 EIZ tashkil etilgani ta’kidlandi.
Fransiya tadbirkorlarini qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda, jumladan, yashil energiya, avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, farmatsevtika sanoati hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi ustuvor tarmoqlarda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Fransiyaning vazirliklari, idoralari, yetakchi kompaniyalari, xoldinglari va harakatlari rahbarlari o‘rtasida ham “G2B” va “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi, unda ishtirokchilar moliyaviy va texnik jihatlarni batafsil ishlab chiqish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishga muvaffaq bo‘lishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: