Mador o‘ti “piyozdoshlar” oilasiga mansub bo‘lib, u tog‘larning salqin yerlarida atigi ikki oy, ya’ni, aprel va may oylarida o‘sadi. “Mador” so‘zining ma’nosi kuch va yordam ma’nosini bildiradi. Xalq tilida uni “motor” deb ham atashadi.
Ushbu o‘simlik tarkibida C, B, B2, PP, E va A vitaminlari mavjudligi sababli foydali va shifobaxsh hisoblanadi. U immunitetni oshiradi va ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi. Shu bilan birga u qon bosimini ham oshirish xususiyatiga ega. Ma’lum bo‘lishicha, bu o‘t Parkent tog‘ etaklarida o‘sadi va ko‘k piyozning uzun “semiz” poyasiga o‘xshaydi. Sizni
tog‘ yonbag‘rida o‘sadigan mador o‘simligi va undan somsa tayyorlash jarayoni bilan yaqinroq tanishtirish maqsadida ijodiy guruhimiz Parkent tumanidagi Kumushkonga yo‘l oldi.
Ma’lumki, Markaziy Osiyodagi o‘t o‘simliklarning umri juda qisqa bo‘lib, iyun oyining boshlarida tekislik va tog‘ etaklarida issiqdan erta sarg‘ayib nobud bo‘ladi. Iyun oyining oxirlariga kelib tog‘ yonbag‘irlari ham sarg‘aya boshlaydi. Bunday paytda bahorgi ko‘katlarni terib olish uchun mart-aprel oylarida qor hali to‘liq erib bitmagan joylargacha chiqib borishga to‘g‘ri keladi. Aynan G‘arbiy Tyan-Shan mintaqasida bu o‘simlikning vegetatsiya davri juda qisqa bo‘ladi. Albatta, xalq an’analari va mifologiyasida bu o‘simlik quvvatidan yuqori darajada foydalanishga harakat qilingan. Ko‘katlar qo‘shilgan somsa nafaqat o‘zbeklar, balki, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar va xorijlik mehmonlar orasida ham mashhur bahor taom hisoblanishi barchaga ma’lum. Aynan Toshkent viloyatining Parkent tumanida bu somsaning turli xillari tayyorlanadi. Qiziqarlisi, bu yerda, xuddi shu tandirlarda afsonaviy mador-somsa ham, uy bekalarining retsepti asosida turli xil yovvoyi va bog‘ o‘simliklari, shu jumladan yovvoyi sarimsoq va ismaloqdan tayyorlanadigan oddiygina “ko‘k-somsa” ham yopiladi.
Ba’zi mahalliy tarixchilarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bahorgi somsa tayyorlash an’anasi nafaqat qadimiy ildizlarga ega. Balki bu xalq taomi XX asrda ko‘p insonlarnining joniga aro kirgan. O‘simlik va hayvonlardan olinadigan yog‘lar tanqis bo‘lgan bir paytda birozgina hamir va tog‘ yonbag‘irlarida uchraydigan turli o‘simliklardan foydalangan holda somsa tayyorlangan.
Shunisi qiziqki, yaqin o‘tmishda insonlarni ocharchilikdan asrab qolgan ushbu mador somsa bugungi kunda O‘zbekiston aholisi va xorijlik sayyohlar orasida tobora ommalashib borish bilan birga alohida brendga aylanib bormoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: