Karmanalik fermer Abdurazzoq Rizayev yer maydonlarining chetlaridan samarali foydalanib kelayotgan mirishkorlardan. U o‘tgan yili dala chetiga ekilgan qovoqning o‘zidan 15 mln so‘m daromad ko‘rganligini aytadi.
Joriy yil 23-martda Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda dala chetlarida mahsulot yetishtirishni ommalashtirishning ustuvor vazifalarini belgilab bergan edi.
Shundan so‘ng Kadastr agentligi tomonidan o‘tkazilgan xatlovda 60 ming gektarga yaqin dala chetlaridan to‘liq foydalanilmayotgani aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maydonlardan unumli foydalanish orqali 337 ming tonna qo‘shimcha mahsulot olish imkoniyati bor.
Vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida ham dala chetlaridan samarali foydalanish bo‘yicha bir qancha ishlar qilinmoqda. Xususan, 2023-yil hosili uchun qo‘shimcha dala chetlari hamda zovur yoqalarida 229 ming gektar poliz va 516 gektar tok va tut ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu ekinlarning to‘liq ekilishi uchun talab etiladigan urug‘lar va ko‘chatlarni o‘z vaqtida fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berilishi doimiy nazoratga olingan. Umuman, dala chetlarida dehqonchilik qilish uchun urug‘, ko‘chat, o‘g‘it va suv ta’minoti maqsadlariga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Xo‘sh, bu sa’y-harakatlar o‘zini qanchalik oqlaydi? Hayotiy misol keltiraylik.
Karmana tumanining “Shibzon” mahallasida faoliyat yurituvchi tajribali fermer Abdurazzoq Rizayev 66 gektar yer maydonining chetlaridan samarali foydalanib kelayotgan mirishkorlardan. “3 yildan beri dala chetlaridan foydalanib kelyapman. Dala chetlaridan oqilona foydalansak katta daromad keladi. Hozirda biz paxta maydonlari chetlariga qovoq, baqlajon hamda dukkakli o‘simliklardan ekdik. O‘tgan yili paxta maydonlari chetiga ekilgan qovoqdan 18 tonna hosil olishga erishdik. Shundan 8 tonnadan ziyodini ishchilarga bo‘lib berdim. Qolgan 10 tonna qovoqning har kilosini 1 500 so‘mdan sotdim. Birgina kadining ortidan menga 15 mln foyda keldi”,– dedi fermer Abdurazzoq Rizayev.
Yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash ham muhim. Shu bois, “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, quritish va sovitish uskunalarini xarid qilishga 50 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, dala chetlaridan unumli foydalanish fermer xo‘jaliklarining rivojlanishiga xizmat qilibgina qolmay, balki xalqimizni arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini ham bermoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: