O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov shu lahzalarda Farg‘ona vodiysida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Farg‘ona vodiysiga tashrif sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bevosita joylarda qanday kechayotgani bilan tanishish, galdagi vazifalarni muhokama qilish va yangi loyihalarni tatbiq etish maqsadida tashkil etildi.
Vazir dastlab Pop tumanidagi “Nuran Uz” klasterida bo‘ldi. Klaster 2 300 gektar maydonni egallagan. 102 gektariga o‘rikning “Mikado”, “Magador” va “Flopriya” navlari ekilgan. Har bir daraxtdan yiliga 20-30 kilogram hosil olinadi, to‘liq sikl (5 yil) da 70 kilogram hosil olish mumkin. O‘riklar asosan eksportga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, klasterda 140 gektarga shaftoli, 76 gektarga anor, 400 gektarga na’matak va 70 gektarga gilos ekilgan. Mevalarning barchasi zamonaviy texnologiyalar asosida, kimyoviy ishlov berishlarni minimallashtirgan holda yetishtiriladi, bu esa Namanganda yetishtirilgan mevalar uchun Yevropa bozori eshiklarini ochadi.
Navbatdagi bog‘dorchilik korxonasi Pop tumanidagi “Zamin green world” agroklasteri bo‘ldi. Ushbu klaster zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solgan. Korxonaning 100 gektardan ziyod yerda bog‘i mavjud, 7 gektarga zamonaviy issiqxona qurilgan, shuningdek 300 bosh zotli qoramol olib kelingan. Agroklaster zamonaviy texnologiyalar asosida, gidroponika uslubida pomidor yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ygan. Bu yil korxona 1 500 tonna sifatli pomidor yetishtirishni rejalashtirgan.
Namangandagi zamonaviy dehqonchilik loyihalari bilan tanishgach, Aziz Voitov Farg‘ona viloyatiga yo‘l oldi. Andijon qishloq xo‘jaligi instituti qoshidagi Qo‘qon oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish texnikumiga tashrif buyurib, ta’lim dargohidagi o‘quv jarayoni, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur texnikumda hozirda 183 nafar yoshlar 8 ta yo‘nalishda tahsil olmoqda.
Vazir texnikumda ta’lim berishda zamonaviy innovatsion uslublarni qo‘llash, xalqaro mezonlar va dunyo tajribasiga tayanish, nazariyotni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish uchun talabalarning texnikum qoshidagi tajriba uchastkasidagi faoliyatiga alohida e’tibor berish lozimligini ta’kidladi.
Farg‘ona vodiysiga tashrif davomida Qishloq xo‘jaligi vazirining Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavot eksport qiluvchi korxonalarda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazish bo‘yicha respublika seminari o‘tkaziladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: