Dunyo aholisi kundan-kunga ko‘payib borishi natijasida insonlarning oziq-ovqatga bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda. Ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan sabzavotlarni yetishtirish muntazam o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirishning eng samarali usullaridandir.
Bu borada mamlakatimizda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ko‘pgina ilmiy izlanishlar qilinmoqda. Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent ilmiy tajriba stansiyasi ilmiy jamoasi ham 2020-yilda aholini oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida vitaminlarga boy, ekologik toza karamdosh sabzavotlardan bargli karam, ya’ni, “Kayl” karami ustida ilmiy-tajriba ishlarini amalga oshirdi. Jumladan, ushbu karam elementlarini takomillashtirish va introduksiya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot o‘tkazildi.
“Kayl” karamining asl vatani Koreya va Amerika bo‘lib, ayniqsa, AQShda katta-katta maydonlarda yetishtiriladi va asosan eksportga sotiladi. Bu karamning boshqa turlardan ustunlik jihati – u qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lib, suvsizlik sharoitida ham o‘z holatini qisman yo‘qotmaydi. Sabzavot tarkibida juda ko‘p mikro va makro-elementlar mavjud. Bundan tashqari, ushbu karam navida oqsil moddasi juda ko‘p bo‘lganligi sababli, “Kayl” karami vegetarianlar – go‘shtdan parhez tutuvchilarning sevimli yeguligi sanaladi. Tibbiyotda esa, uning inson salomatligi uchun foydali ekani – oshqozon-ichak, jigar kasalliklarini davolovchi xususiyatga egaligi isbotlangan.
Mazkur karam urug‘lari yanvarda plastk idishlarga ekiladi va 35-40 kun davomida tayyor bo‘ladi. Tayyor bo‘lgan ko‘chatlar ochiq dalaga ekiladi. Vegetatsiya davri 120-130 kunni tashkil qiladi. Agrotexnik tadbirlar me’yorida amalga oshirilsa, 1 gektar yerdan 80-100 tonna hosil olish mumkin. “Kayl” karamining afzalligi – undan yil davomida hosil olish imkoni bor. Ekologik toza mahsulot olish maqsadida asosan mahalliy o‘g‘itlardan foydalanilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: