O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijon ilmiy-tajriba stansiyasida qulupnayning yangi “Tong ifori” navi yaratildi. Ushbu qulupnayning boshqalaridan farqi shundaki, uni issiqxonada, yilning istalgan muddatida, yaʼni yil bo‘yi yetishtirib, hosil olish mumkin.
Bundan tashqari, “Tong ifori”ining hosildorligi juda yuqori. Har bir ko‘chatdan 0,5 kilogramgacha qulupnay hosilini olish mumkin. Hozirda ilmiy-tajriba stansiyasining issiqxonasida qulupnay ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, ularni ko‘paytirish va aholi isteʼmoliga yo‘naltirish maqsadida ko‘proq maydonlarda ekilishini taʼminlash rejalashtirilgan.
Qulupnayning bir tupidan 10 tagacha hosil shoxi chiqadi va ularning har biridan 4 tagacha ko‘chat olish mumkin bo‘ladi. Yaʼni bitta tupdan 40 tagacha ko‘chat olish mumkin. Eʼtiborlisi, qulupnayning hosil shoxlari tuproqqa tushganida ko‘chat hosil bo‘laveradi. U ko‘chat rivojlangach, keyingi shoxdan yana ko‘chat hosil bo‘lishga kirishadi. Shu tariqa u shoxdan ko‘payaveradi.
Bundan tashqari, ilmiy-tajriba stansiyasining issiqxonasida Xitoy salat bargi (Xitoy keyl) yetishtirilmoqda. Bu mahsulot ayni paytda issiqxona maydonida tajriba tariqasida yetishtirilmoqda. Salat bargining afzallik jihatlari bisyor, u vitamin va minerallarga boy, kasalliklarga chidamli. Ilmiy-tajriba stansiyasining olimlari tomonidan ushbu salat bargini ham ko‘paytirish va aholi issiqxonalarida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi paytda yuqori hosilli, suvtejamkor, iqlim o‘zgarishining turli xil omillariga moslashuvchan, jahon bozorida xaridorgir, dorivor va yuqori biomassa beradigan universal o‘simliklarni ekib yetishtirish davr talabi hisoblanadi. Shu bilan birga, sug‘oriladigan yerlardan unumli foydalanish uchun ekinlarning qisqa davr mobaynida yuqori hosil beradigan turlarini topish ham muhim masalalardan biridir. Ana shunday qimmatbaho o‘simliklardan biri amarant hisoblanadi. Ilmiy-tajriba stansiyasida ham qizil amarant sinov tariqasida yetishtirilmoqda. Joriy yilning 4-aprel sanasida ilmiy-tajriba stansiyasining issiqxonasida ekilgan amarant o‘simligini mamlakatimizning issiqxonalariga moslashtirish ustida izlanishlar olib borilmoqda. O‘simlikning urug‘i juda shifobaxsh bo‘lib, poyasi chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa hisoblanadi.
Andijon ilmiy-tajriba stansiyasida yetishtirilayotgan mana shunday o‘simliklar haqida videolavhamizda tomosha qiling.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: