Asta pishib yetila boshlagan o‘rikning shifobaxsh xususiyatlari bilan tanishamiz.
O‘rik mevalarida A, B va C vitaminlari ko‘p miqdorda mavjud. Shu sababli, o‘rikni muntazam iste’mol qilish xotirani, oshqozon faoliyatini yaxshilaydi, vitamin yetishmasligidan xalos qiladi, ishchanlikni oshiradi.
O‘rik qon bosim oshishida, aterosklerozda yordam beradi, qon tarkibini yaxshilaydi, yurakni tonusda ushlaydi, muhimi – bu xususiyatlar turshakda ham saqlanib qoladi.
Qadimgi Misr tabiblari o‘rik danagining tolqonidan tomoq va ichak kasalliklarini davolashda foydalangan ekanlar.
Xitoydagi Min sulolasi davriga mansub risolalarda o‘rik yo‘talni ketkazuvchi va ichni yumshatuvchi vosita sifatida tilga olinadi. Shuningdek, o‘rik peshob haydash xususiyatiga ham ega.
Pokiston aholisi o‘rik daraxtining po‘stlog‘idan og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolashda foydalanadi.
O‘rik mevasida fitonsidlar mavjud, ular kasal chaqiruvchi bakteriyalarni yo‘q qilib, kesilgan jarohatlarni bitishiga xizmat qiladi.
Barra o‘rik va o‘rik sharbati kamqonlikda va leykemiyada tavsiya qilinadi. Shuningdek, o‘rik saraton hujayralari yuzaga kelishiga to‘sqinlik qiladi va og‘ir metallar bilan zaharlanishda yordam beradi.
Innankeyin… Shunday shifobaxsh mevaning ayrim nojo‘ya ta’sirlari ham bor. Masalan, agar qandli diabetingiz bo‘lsa, shirin mevalar yeyishdan oldin shifokor bilan maslahatlashib oling. Ularda qand miqdori ko‘p bo‘lib, bu kasallikni zo‘raytirib yuborishi mumkin.
Pankreatitda ikkitadan ko‘p o‘rik yemaslik, oshqozon buzilishida esa, umuman ulardan voz kechgan ma’qul. Bundan tashqari, o‘rik chaqaloqlarda allergiya reaksiyasini chaqirishi mumkin, shu sababli, yosh onalar uni iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lishlari kerak.
Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: