O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi o‘rtasida video-konferensaloqa tarzidagi uchrashuvi o‘tkazildi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi texnikasi va tomchilab sug‘orish tizimlari yetkazib berilishi imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham qatnashdi va Xitoy tomonini bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnika-texnologiya bilan ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasidagi hamkorlik muhokamasi uchun ochiq ekanini izhor etdi.
Uchrashuvda keltirilganidek, yurtimizda texnik va texnologik qayta qurollantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo‘jaligi korxonalarining zamonaviy texnika bilan ta’minlanishiga qulay imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan:
– barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqilgan texnikalar uchun mahalliylashtirish darajasi talab qilinmasdan texnika narxining 15 foizi miqdoridagi subsidiyalar beriladi.
– qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan.
– tadbirkorlik subyektlariga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lanadi.
Bu esa, tabiiyki, xorijiy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilarida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirmoqda.
Jumladan, Xitoyning yirik “CAMC Engineering” kompaniyasi ham, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini zamonaviy va samarador texnika bilan ta’minlashga hissa qo‘shish istagini bildirmoqda.
Bu galgi uchrashuvda Xitoy tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun zarur barcha turdagi texnika, shuningdek tomchilab sug‘orish tizimlarini o‘z ichiga olgan yirik takliflar paketini ishlab chiqib, O‘zbekiston tomoniga taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda taklif etiladigan texnikalarning O‘zbekiston iqlim va tuproq sharoitlariga muvofiqligi, oldi-sotdi shartnomalarining kafolati va moliyalashtirilishi masalalari muhokama etildi.
Tadbirda ikki tomonlama ishchi guruh tashkil etilib, tez fursatda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish belgilab olindi. Shuningdek, yaqin kunlarda XXRning Sian shahrida o‘tadigan Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti doirasida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “CAMC Engineering” rahbariyati o‘rtasida kelishuv imzolanishi rejalashtirildi.
“CAMC Engineering” – 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bevosita XXR markaziy hukumati tomonidan boshqariladigan Xitoyning yirik davlat tizim tashkil qiluvchi korxonasi – China National Machinery Industry Corporation (SINOMACH) kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi. SAMSE 9 ta asosiy sho‘’ba korxonasiga va 9 ta yuqori texnologik korxonaga ega. Kompaniyaning 2022-yildagi sof daromadi 46,2 mln. dollarni tashkil qilgan. Umumiy aktivlari 2022-yilda 3,2 mlrd dollardan oshgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: