Raqamli texnologiyalar respublika iqtisodiyotining turli sohalariga jadal sur’atlarda joriy etilmoqda.
Bugungi kunda, agrar sohada o‘nlab axborot va geoaxborot tizimlari joriy etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, tezkorligi va qulayligini ta’minlash bilan bir qatorda sohada aniq va ochiq statistik ma’lumotlarni shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini prognoz qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ulligida yaratilayotgan yana bir muhim raqamlashtirish loyihalaridan biri bu “Agroplatforma” axborot tizimi hisoblanadi.
Mazkur axborot tizimini joriy etish orqali ekin ekishdan boshlab hosil yig‘ib terib olingungacha bo‘lgan zanjirda amalga oshiriladigan barcha agrotexnik tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuritish, elektron tizim yordamida qog‘oz ko‘rinishidagi hujjat almashuvidan voz kechish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bunda, yaratilayotgan tizimdan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlarni qulay tarzda ajratish, xavf-xatarlarni sug‘urtalash, shartnomalarni elektron rasmiylashtirish, texnikalarni lizingga olishda foydalaniladi, shuningdek moliyalashtirish jarayonlarining shaffofligi oshiriladi.
Tijorat banklari va kompaniyalari, kadastr, soliq va adliya organlari kabi qator idora va tashkilotlarning ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlari bilan integrasiya qilingan “Agroplatforma” axborot tizimi hozirda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida dastlabki sinov jarayonlaridan o‘tmoqda.
Tashkil etilgan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar “Agroplatforma” axborot tizimida o‘z vazifalarini amalga oshiruvchi davlat idoralari bilan bir qatorda bevosita tizim orqali xizmatlarni oluvchi fermerlarga uning imkoniyatlari va qulayliklari namoyish qilinmoqda.
Sinov davrida 1 830 ta fermer tizimda elektron raqamli imzo kalitlar yordamida ro‘yxatdan o‘tkazildi, ular foydalanayotgan 50 607 gektar yer uchastkalarining amaldagi maydonlari va yerga oid ma’lumotlarini tizim yordamida aniqlashtirish, paxta va g‘alla ekinlarini joylashtirish va bo‘lajak hosil uchun fyuchers shartnomalarini elektron rasmiylashtirish jarayonlari ko‘rib chiqilmoqda.
Kelgusida moddiy-resurs ta’minoti bo‘yicha shartnomalarni ham tizimda elektron imzolash amaliyoti ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etilishi bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Tizimni to‘liq ishga tushirish joriy yilning avgust oyiga rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: