Bugungi kunda dunyo miqyosida oziq-ovqat balansi dolzarb masalalardan biridir. Kartoshkachilikda yangi navlar yaratilishi ushbu masalaning ijobiy yechimini namoyon etadi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda so‘nggi besh yillikda oziq-ovqat xavfsiziligi borasidagi islohotlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Misol uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasining jamoasi ham sohada ko‘pgina ilmiy loyihalar ustida izlanishlar olib bormoqda. Institutda sabzavot-poliz ekinlarining 300 dan ortiq nav namunalari sinovdan o‘tkazilib, bugungi qadar 36 ta yangi nav yaratilgan.
Xususan, pechakguldoshlar oilasiga mansub “Batat” ya’ni, shirin katoshkaning sinov navlari istiqbolli deb topildi. Ushbu kartoshka navi O‘zbekiston hududiga 10 yil avval kirib kelgan bo‘lib, Koreya, Yevropa va Afrikadan olib keltirilgan navlari mavjud. Mazkur sinov jarayonida 12-13 ta kartoshka navlari asosida, tanlash va duragaylash usuli orqali “Sochaki nur” va “Toyloqi” yangi navlari yaratildi. Ushbu nav 2021-yil davlat reestriga kiritildi.
Yangi navlarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular tuganagidan o‘simta hosil qilgandan keyin o‘simtasini qirqish yo‘li bilan ko‘plab ko‘chat yetishtirsa bo‘ladi.
Bundan tashqari, yangi kartoshkaning yana bir afzalligi – 1 gektar yerga ekish uchun 150 kilogram tuganak yetarli bo‘ladi. Agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, har gektardan 60 tonnadan hosil olish mumkin bo‘ladi. Qolaversa, “Batat” asosidagi navlar O‘zbekiston iqlim sharoitiga mosligi, yer tanlamasligi, qurg‘oqchilikka qisman chidamliligi bilan ajralib turadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: