2-3-may kunlari Toshkent davlat agrar universitetida FAOning alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning “yashil” usullarini rivojlantirish bo‘yicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” (“One Country – One Priority Product” – OCOP) global harakatlar dasturi doirasida Yevropa va Markaziy Osiyoda mamlakatbay loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida tashkil etilgan seminarda milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, Albaniya, Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkiya va Xitoy vakillari ishtirok etishmoqda.
Seminar qatnashchilari FAO shafeligidagi “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” global harakatlar dasturining Yevropa va Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi bilan tanishish, mavjud muammolar va imkoniyatlar yuzasidan fikr va tajriba almashish, shuningdek, kelgusidagi harakatlar rejasini o‘zaro kelishib olish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi gilos qiymat zanjirining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun yashil texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab, OCOPning mamlakatimizda joriy etilishini qatʼiy qo‘llab-quvvatladi. Shu munosabat bilan hozirgi kunda O‘zbekistonda FAOning “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash uchun innovatsion yondashuvlar” loyihasi amalga oshirilmoqda. Seminarda taʼkidlanganidek, gilos barqaror va inklyuziv o‘sish uchun katta imkoniyatlarga ega mahsulot. O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi. Agroekologik sharoitlar butun mamlakat bo‘ylab kichik fermerlarga kimyoviy o‘g‘itlardan minimal darajada foydalangan holda gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, gilos ko‘p tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek, agroo‘rmonchilik va o‘rmon yaylovchiligini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi.
Maʼlumot o‘rnida aytish mumkin, 2022-yilning noyabr oyida FAO global miqyosda mamlakatlar darajasidagi OCOP loyihalarini boshladi. Bu tashabbusni mamlakat darajasida amalga oshirishda yetakchilik qiladigan namunaviy mamlakatlarini aniqladi. OCOPni amalga oshirish uchun beshta mamlakat alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqish jarayonida o‘zlarining tajribalari, innovatsiyalari va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashadilar.
Seminar qatnashchisi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Dehqonchilik va o‘simliklarni himoya qilish bo‘limi direktori janob Jingyuan Sya o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi:
— Bir mamlakat uchun — bitta ustuvor mahsulot” yo‘nalishining tanlanishi noo‘rin xavotirni uyg‘otmasligi kerak. Amaliyotda mamlakatlarning qishloq xo‘jaligida bitta ustuvor mahsulotni tanlashi uni boshqa kuchli tomonlarini ilgari surish uchun ham zamin yaratadi. Umuman olganda, bir mamlakat uchun bitta qishloq xo‘jaligi mahsulotiga eʼtibor berilishi bu boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining cheklanishi degani emas. O‘zbekistonda bu loyiha uchun gilos mahsulotini tanlangan. Gilos esa, mamlakatingizdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eskporti ichida 5-o‘rinni egallaydi. Bu eksport salohiyatini yanada oshirish uchun davlatingizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Mamlakatingizdagi ajoyib iqlim, bog‘bon va fermerlarning bu boradagi tajribalari bu imkoniyatlarni yanada kengaytirishga turtki bo‘ladi deb o‘ylayman.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish departamenti boshlig‘i Zafar Ortiqov esa, seminarni aynan mamlakatimizda o‘tkazilayotganiga quyidagicha izoh berdi:
— O‘zbekistonda aprel oyidan gilos mavsumi boshlanadi. Besh-olti oy davomida gilosni mahalliy va xorijiy bozorlarga yetkazish ishlari amalga oshiriladi. Bugungi seminar mamlakatimizdagi gilos bog‘larida qilinayotgan ishlar bilan tanishtirish, mahsulotimizni butun dunyoga yanada kengroq namoyish etish maqsadida tashkil etildi. Yurtimizda giloszorlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Oxirgi uch yil davomida barcha toifa xo‘jaliklarida 10 ming gektardan ortiqroq gilos bog‘lari tashkil etildi. Bugungi kelib esa, 25 mingga yaqin bog‘larimiz mavjud. Anjumanda ham taʼkidlanganidek, oldin asosan baland o‘suvchi gilos bog‘lari mavjud edi. Hozirda esa intensiv texnologiyalar asosida pakana va yarim pakana gilos bog‘larini rivojlantirish, ularni tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Asosiy hosil aynan ushbu bog‘laridan olinmoqda.
Shuningdek, seminar dasturi doirasida qatnashchilar gilos bog‘lariga va anʼanaviy bozorlarga tashrif buyurishib, ushbu mahsulotni yetishtirish jarayoni bilan tanishdilar. Korxonalar imkoniyatlarini baholab, bozor imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratdilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: