Joriy yilning 25-27-aprel kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirliklari vakillari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida “O‘zbekiston-Rossiya biznes missiyasi” bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakatning yirik kompaniyalari va biznes doiralari vakillarining ushbu missiya doirasida tashkil etilgan tadbirlarda faol ishtirok etishi tomonlarning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirishga bo‘lgan katta qiziqishi va o‘zaro intilishining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.
Umid Mamadaminov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari:
“Rossiyadan 30 dan ortiq kompaniyalar qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekiston kompaniyalari bilan aloqalarni tiklash va oldingi hamkorliklarni mustahkamlash uchun kelishgan. Ular o‘z mahsulotlarini ham ko‘rgazmaga olib kelishgan. Bizda Rossiyaga bo‘lgan eksport hajmi ikki yil ichida deyarli ikki barobarga oshdi. Hozirgi kunda ushbu davlatga eksport qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 600 million dollarga yaqinlashib qoldi. Bu imkoniyatlarni yanada ko‘paytirish salohiyatimiz bor. Biz bu borada rossiyalik hamkorlar bilan barcha jihatlarni muhokama qildik va kelishib oldik”.
Ta‘kidlash joiz, O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarning Rossiyaga eksporti o‘tgan yili ikki barobardan ko‘proq oshdi. Bu shubhasiz, har ikki mamlakat biznes tarmog‘ining katta yutug‘idir. Biroq, O‘zbekiston Rossiyaga uzum, shaftoli, pomidor, gilos, shuningdek konservalangan va muzlatilgan sabzavotlar, meva konsentratlari va boshqa tovarlarni yetkazib berishni davom ettirishi va uning miqdorini oshirishi mumkin. Mamlakatimiz shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tarqatish bozorida, Rossiya chakana savdo tarmoqlari (“Мagnit”, “Pyaterochka”, “Yarche”) va boshqa yirik savdo tarmoqlari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Investitsiyaviy hamkorlik nuqtai nazaridan tomonlar go‘sht-sut yo‘nalishi bo‘yicha yanada rivojlanishni, tez buziladigan (yogurt, pishloq, eritilgan pishloq) hamda boshqa sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni muhokama qildilar.
Elmira Faizova “EkoNiva-APK holding” kompaniyasi, Logistika boshqarmasi menejeri:
“Biz mamlakatingizga urug‘chilik yo‘nalishida o‘zimiz bilan birgalikda bir qancha urug‘ namunalarini olib keldik. Shuningdek, chorvachilik ham bizning asosiy bo‘g‘inlarimizdan hisoblanadi. Yaqin Sharq, Turkiya, Amirlik va Pokistonga ham mahsulotlarimizni eksport qilamiz. Ushbu missiya doirasida O‘zbekistonga sut mahsulotlarini eksport qilish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ham imzolashga ulgurdik”.
O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlik missiyasi doirasida “Rossiya-O‘zbekiston: ASM sohasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu uch kun mobaynida bo‘lib o‘tgan tadbirda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolandi, xususan, guruh uchrashuvlari, davra suhbatlari, B2B shaklidagi muhokamalar, Rossiya eksport qiluvchi kompaniyalarining O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi vakillari, Toshkentdagi chakana savdo tarmoqlari bilan ishchi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: