2023-yilning 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazida laboratoriyalar majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirga Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham tashrif buyurib, ochilish marosimining ramziy belgisi bo‘lgan — qizil lentani kesdi.
Shundan so‘ng tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar vazir boshchiligida yangi topshirilgan Markaziy laboratoriyaning bo‘limlarini ko‘zdan kechirishdi. Har bir laboratoriyadagi shart-sharoitlar, olib boriladigan ilmiy va amaliy izlanishlar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan majmuani barpo qilishdan asosiy maqsad Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan ishlab chiqarilgan paxta tolasi, texnik chigit va undan olinadigan yog‘ mahsulotlarining sifatini yuqori aniqlikdagi zamonaviy uskunalarda inson omilisiz va shaffof tizimda baholash ishlarini amalga oshirishdan iborat.
Urug‘chilik, paxta va don mahsulotlari sifatini baholash kabi 4 ta laboratoriyani o‘zida jamlagan majmua jahon andozalari asosida barpo qilindi. Bu yangi laboratoriyalarga Jahon banki tomonidan ajratilgan 4 mln AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga AQSh, Yaponiya, Germaniya, Fransiya hamda Xitoy kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlardan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari xarid qilingan.
Shuningdek, ushbu yangi laboratoriyada respublikamiz hududida ilk bor joriy etilayotgan Yevropa va G‘arb mamlakatlarida bugungi kunda dolzarb hisoblangan bug‘doy tarkibidagi “Glyuten indeksi” ni ISO 21 415 xalqaro standarti bo‘yicha aniqlash sinovlari amalga oshiriladi. Tarkibida “Glyuten” moddasi mavjud mahsulotlarni isteʼmol qilish inson salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishini, jahon bozori va xalqaro birjalarda bug‘doy donlarini savdoga chiqarishda uning narxini belgilash “Glyuten indeksi”ga muvofiq amalga oshirilishini eʼtiborga olsak, foydalanishga topshirilgan ushbu sinov laboratoriyasi mamlakatimiz uchun o‘ta ahamiyatlidir.
Bugungi kunda laboratoriyada PSR (polimeraza zanjir reaksiyasi) tahlillarini o‘tkazish orqali urug‘ va ko‘chatlarda GMO (geni o‘zgartirilgan organizm) mavjudligini hamda xavfli yashirin virusli kasalliklarni ishonchli, sifatli va tezkor aniqlash imkoniyati yaratilmoqda. Bu esa, respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanib, import-eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ va ko‘chat materiallarida uchraydigan GMO va yashirin virusli kasalligi bor urug‘liklarning respublikamizga kirib kelishining oldini oladi.
Paxta yo‘nalishidagi laboratoriyada maxsus uskunalar orqali respublikamizda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining sifatini aniq va xolisona baholash, tolaning haqiqiy tannarxini belgilovchi nav va sinfi, shu jumladan, uzunligi, pishiqligi, rangi, iflosligi, mikroneyri, kalta tola miqdori, egiluvchanligi kabi ko‘rsatkichlarni aniqlash mumkin.
Bugungi kunda “Paxta mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish” laboratoriyasi Xalqaro paxta tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, “Gdinya Xalqaro paxta assotsiatsiyasi”, “Bremen Xalqaro paxta uyushmasi” va AQSh ning Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan qiyoslov sinovlarida muntazam qatnashib yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Shuningdek, mazkur laboratoriyaning don yo‘nalishida O‘zbekistonda birinchi bor bug‘doy tarkibidagi yopishqoqlik miqdori va sifatini zamonaviy avtomatlashtirilgan “kleykovina yuvish mashinasi” yordamida aniqlash yo‘lga qo‘yilgan. Avvallari bunday sinovlarni laboratoriya xodimlari qo‘l mehnati orqali suvda bajarib kelganlar. Zamonaviy laboratoriya esa, nafaqat ishlarning sifatli va tez bajarilishini, balki ishchilar mehnatini ham osonlashtirdi.
Muxtasar qilib aytganda, yangidan qad rostlagan laboratoriyalar majmuasi mamlakatimizda urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan, ajratilayotgan grant mablag‘laridan maqsadli foydalanish natijasida kelgusida respublikamiz dehqonlari va fermerlariga kafolatlangan hamda biologik xavfsiz urug‘liklarning yetkazib berilishida muhim manba bo‘ladi.
Pirovardida, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati bo‘lgan aholimiz dasturxonining to‘kin- sochinligi taʼminlanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: