Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Vengriyaning «Master Good» kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Laslo Baranyi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda parrandachilik sohasini rivojlantirishda Master Good kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida vazir Aziz Voitov so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, qulay sarmoyaviy muhit yaratilayotgani, xorijiy korxonalar bilan ishlashda yangi istiqbollar ochilayotganini qayd etdi.
Shuni alohda ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili hukumat delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov agrar sohada, xususan, parrandachilikda O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini rivojlantirish maqsadida Vengriyadagi tovuq go‘shti ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalaridan biri «Master Good» rahbari Lazlo Baranyi bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Qishloq xo‘jaligi vazirligida kuni kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuv esa ushbu muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Muloqot davomida, shuningdek, parrandachilik yo‘nalishini rivojlantirishda O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, Markaziy Osiyodagi eng katta aholi, malakali ishchi kuchi, boy tabiiy resurslarga egaligi hamda o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi, hamkorlik aloqalarining yangi bosqichlari uchun katta bozor va samarali biznes muhiti ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, tomonlar qushlarni hech qanday chiqindisiz qayta ishlashga qodir parrandachilik klasterini tashkil etish va kadrlarning malakasini oshirishda «Master Good» kompaniyasi bilan hamkorlik qilish hamda Toshkent davlat agrar universitetida parrandachilik sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish takliflarini ilgari surishdi.
Uchrashuv yakunida parrandachilik sohasida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasini imzolashga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun – «Master Good» kompaniyasi 1994 yilda tashkil etilgan. Kompaniya Vengriyadagi eng yirik tovuq go‘shti ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, mamlakatdagi tovuq go‘shti ishlab chiqarishning deyarli 32 foizini tashkil qiladi.
Sof daromad – 275,2 million dollar. Xodimlar soni 2 ming kishi.
“Master Good” ozuqa xomashyosi, ozuqa ishlab chiqarish, onalik chorvachilik, inkubatsiya, broyler yetishtirish, go‘shtni qayta ishlash, go‘shtni keyingi qayta ishlash, sifat siyosati bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya o‘z mahsulotlarini ko‘pgina xorijiy davlatlarga eksport qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: