Toshkentda “22-aprel – Xalqaro Yer kuni”ga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyoda yer degradatsiyasiga qarshi kurash: muammolar va yechimlar” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etildi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan iqlim o‘zgarishi va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, olimlar ishtirok etishdi.
Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlash va oshirish, yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish va cho‘llanishning oldini olish masalalari global miqyosda hal etilishi zarur bo‘lgan vazifalarga aylandi. Shu bois, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi jamoatchilik e‘tiborini mazkur masalalarga qaratishga xizmat qilmoqda. Forumda yer resurslarini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish, yerdan barqaror foydalanish masalalariga oid mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Forum ishtirokchilari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi, turli mamlakatlardan kelgan ekspertlar yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, qurg‘oqchilik va cho‘llanishning oldini olish, tuproq unumdorligini oshirish, yaylovlarni tiklash, global iqlim o‘zgarishlariga moslashish, oziq-ovqat xavfsizligini ta‘minlash, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy innovatsion usullarni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022-yil 10-iyun kuni “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorni imzolagan edi.
Ushbu Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida yerlarning degradatsiya jarayonlariga qarshi kurashish masalalari Departamenti tashkil etildi, unga yerlarning degradatsiya jarayonlariga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari va istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yerlarning degradatsiya jarayonlariga qarshi kurashish, global iqlim o‘zgarishlariga moslashish, qurg‘oqchilik va cho‘llanishning oldini olish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 50 million AQSh dollarini tashkil etadigan 15 ga yaqin loyihani amalga oshirmoqda.
Forumda 2026-yilga kelib tuproqdagi chirindi miqdorini 1 million gektar ekin maydonlarida ko‘paytirish, sho‘rlangan yer maydonini 100 ming gektarga qisqartirish, 1,7 million gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash va 26 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida himoya o‘rmonlar yaratish bo‘yicha strategik vazifa ham belgilandi. Bugungi kunga kelib ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 232,8 ming gektar degradatsiyaga uchragan hududlarda o‘rmon hududlarini yaratish ishlari olib borildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirilmoqda, uning doirasida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda saksovul, cherkez va qandim kabi tuz va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan tashkil topgan “yashil qoplamalar” yaratilmoqda.
Xalqaro forum turli mamlakatlar mutaxassislarining ilg‘or tajribalari va ilmiy yangiliklarini o‘zaro almashishga asoslangan bo‘lib, global iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga, kelgusida mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligini ta‘minlashga salmoqli hissa qo‘shadi, bu esa, barqaror rivojlanishga qaratilgan aniq strategik maqsadlarni belgilashga yordam beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: