Xabar berganimizdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilaridan iborat delegatsiya shu yilning 3-7-aprel kunlari qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish, agrosug‘urta va seleksiya yutuqlarini o‘rganish maqsadida Ozarbayjon Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirib qaytdilar. Konstruktiv va pragmatik muloqotlar asosida tashkil etilgan uchrashuv va muloqotlar har ikki tomon uchun ham manfaatli kechdi.
Delegatsiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi-yangiliklarni o‘rganishga kirishgan bo‘lsa, qabul qiluvchi tomon O‘zbekiston agrar tarmog‘idagi so‘nggi yangiliklardan voqif qilindi. O‘rganadigan va birgalikda amalga oshiradigan loyihalar bisyor. Buni har bir uchrashuv va tashrif buyurilgan manzildagi suhbatdan angladik. Har tomonlama manfaatli kechgan uchrashuvlarning muxtasari Ozarbayjonning shimolida joylashgan Kusar tumani, “Agrarko” kompaniyasida bo‘lib o‘tdi. 2017-yilda tashkil topgan mazkur quvvat meva va funduk (o‘rmon yong‘og‘i) yetishtirishga ixtisoslashgan. Mevalarning turi ham bisyor: olma, nok, olcha, gilos, nektarin, olxo‘ri, behi va shaftoli. Mazkur korxona o‘zining qadoqlash va saralash tizimiga ega. Soatiga 5 tonna mahsulotni saralash imkoniyati mavjud. Maydoni 1 488,33 kv. metr. Korxona Italiyada ishlab chiqarilgan uskunalar bila jihozlangan. Yiliga 20 ming tonna mahsulot tayyorlab, eksportga yo‘naltirish quvvatiga ega. Shimoliy va shimoliy-g‘arbiy hududda joylashgan 1 700 gektar funduk bog‘lari bor. 300 nafar ishchi faoliyat yuritadi. Agrarkoning o‘z pitomnigi, fundukni qayta ishlash zavodlari va bog‘lari mavjud. Bu yerda yiliga 7 000 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda nafaqat o‘z bog‘lari, balki yondosh hududdagi aholi xo‘jaliklarida yetishtirilgan funduklarni ham qabul qilish orqali yuqoridagi ko‘rsatkichga erisha olgan. Masalan: o‘z bog‘laridan 600 tonna tozalanmagan funduk yig‘ib olingan bo‘lsa, aholi xo‘jaliklaridan 2800 tonna ana shunday funduk xarid qilgan. Bundan tashqari aholidan 4 000 tonna tozalangan funduk sotib olingan va qayta ishlangan (2022 yil natijalariga ko‘ra).
Bundan tashqari kompaniya tasarrufidagi mevali bog‘lar 360.7 gektarni tashkil qiladi. Ularda yiliga 4 500 tonna olma yetishtiriladi.
Kezi kelganda shuni e’tirof etish kerakki, Ozarbayjonda yiliga 80 ming tonna funduk yetishtiriladi. Bu ko‘rsatkich uni dunyoda 3 o‘ringa olib chiqqan. mamlakatning 82 ming gektar yeriga o‘rmon yong‘og‘i ekiladi. O‘rtacha hosildorlik gektaridan bir tonnani tashkil qiladi.
Aholi tomonidan yetishtiriladigan, uy xo‘jaliklarida mavjud mahsulot xaridi har ikki tomon uchun teng manfaatga ega. Tozalanmagan funduk hosili 2 yevrodan xarid qilinadi. Qayta ishlab 6 yevrodan eksportga yo‘naltiriladi. Manfaatli bitim. Shunday emasmi? O‘z o‘rnida butasimonlar oilasiga mansub ushbu daraxt qishda – 25 darajaga qadar, gullash paytida esa -2 daraja sovuqqa chidamli. Sho‘rlangan yerni xush ko‘rmaydi, katta e’tibor ham talab qilmaydi. 5×3 nisbatda ekiladi. 6×3 nisbatda ekiladigan hududlar ham mavjud. Avgust oyida pishib yetilgan hosilni oktyabrning ilk haftasiga qadar yig‘ish mumkin.
Ozarbayjonda intensiv bog‘ barpo qilish uchun o‘rtacha 6 000 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ jalb qilinar ekan. Agrosubsidiya esa o‘z navbatida qolgan qismini qoplab beradi. Soha mutaxassislari gektariga hisoblangan ushbu mablag‘, mahsulot yetishtirish, eksportga yo‘naltirish tizimi orqali o‘zini to‘liq oqlashini ta’kidlashdi.
Shu bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mutasaddilaridan iborat delegatsiyaning ozar diyoriga qilgan amaliy tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi. Sizlarga mazkur mamlakatning agrar tarmog‘i va unda erishilgan natijalar borasida birmuncha ma’lumot yetkazishga harakat qildik. Keyingi muloqotlarimizda albatta dunyoning boshqa mamlakatlaridagi bu borada erishilgan natija hamda samara bergan tajribalar haqida ma’lumot berishda davom etamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: