Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda chorvachilik yo‘nalishi muhim o‘rin tutadi. So‘nggi paytlarda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, chorva mollarini boqish va ularni urchitish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, xorijdan naslli qoramollarni olib kelish va mahalliy qoramol zotlarini yaxshilash borasida hamda chorvachilikni rivojlantirishda xorij tajribasi qo‘llanilib, ko‘pgina ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Xususan, birgina Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida joylashgan “Nishonboy Mo‘minboy Fayzi” fermer xo‘jaligi faoliyati misolida sohadagi jarayonga e’tibor qaratamiz. Mazkur xo‘jalik 2021-yil bankdan olingan kredit asosida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyat turi chorvachilik va sut mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat.
Fermer xo‘jaligi ishni Ukrainadan sut beruvchi “Golshtin” zotli 99 bosh qoramollar olib keltirishdan boshladi. Bilim, tajriba va tinimsiz mehnat samarasi o‘laroq, bugungi kunda ushbu zotdor qoramollar soni 300 boshga yetgan. Ulardan 100 boshini sut beradigan sog‘in sigirlar tashkil etadi. Ta’kidlanishicha, har bir sog‘in sigir kuniga 30 litr sut beradi. Xo‘jalikda sut sog‘ishni sifatli amalga oshirish uchun Germaniyadan olib kelingan eng zamonaviy sut sog‘ish uskunasi o‘rnatilgan. Ushbu kompyuterlashtirilgan texnolgiya orqali bir vaqtning o‘zida 16 bosh sigirni sog‘ib, sutini qabul qilish imkoniyati mavjud.
Sog‘ib olingan sut to iste’molchilarga yetkazilishiga qadar o‘z sifatini yo‘qotmasligi uchun sig‘imi 5 tonnalik rezervuarlarda nemis texnologiyasi asosida saqlanadi. Bu uskunaning afzal jihati shundaki, u har qanday sharoitda sut tarkibi buzilishining oldini oladi, ya’ni, uskunaning avtomatlashtirilgan tizimi tashqi haroratdan kelib chiqib, rezervuarda mo‘tadil haroratni bir me’yorda ushlab turadi.
Xo‘jalikda 22 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Ularning samarali ishlab, yaxshi dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Kelgusida fermer xo‘jaligi qoramolchilikni rivojlantirish dasturiga asosan bank krediti evaziga sog‘in sigirlar sonini 500 nafargacha ko‘paytirish va sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqaruvchi mikrokorxona qurishni rejalashtirmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: