Bugun qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiyaga berilayotgan eʼtibor tufayli qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlari yaratilmoqda. Jumladan, sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan yaratilayotgan yangi navlar va ularning mamlakatimiz oziq-ovqat tizimini boyitishga qo‘shayotgan hissasi tufayli agrar sohaning imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik” ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy-tajriba stansiyasining ekin maydoni 84,5 gektar bo‘lib, ushbu maydonda 17 turdagi ekinlar ekilib, urug‘lari ko‘paytirib kelinmoqda. Ekilgan urug‘lar bo‘yicha sinov amaliyotlari ham shu tajriba stansiyasining o‘zida olib boriladi. Bu yerdagi olimlar tomonidan piyozning “Malla” navi yaratildi. Hozirda ushbu nav uchun patent olishga hujjatlar topshirilgan. Ushbu nav intensiv usulda yetishtirilayotgani bilan ajralib turadi.
Yangi piyoz navining urug‘i yerga martning dastlabki o‘n kunligida sepiladi. 15 sotix yer maydoniga 10-12 kilogramm piyoz urug‘i sepiladi, shu maydondan terib olingan piyozboshchalar bir gektar maydonga yetadi. Piyozboshchalar gilos kattaligida bo’lgandan so’ng yig‘ib olinadi. Piyozboshchalar quritilib, alohida joyga olib qo‘yiladi. Sentyabr oyinin birinchi dekadasida piyozboshchalar 70×10 sxemada 4 qatordan gektariga 571,4 ming dona ekiladi.
Piyozboshchalar ekilganidan so‘ng unga bir marotaba suv qo‘yiladi. Shundan so‘ng piyozboshchalar ko‘kara boshlaydi.
Qishning sovuq kunlarida yetishtirilgani uchun piyozlarni o‘tash shart emas, sababi, ushbu mavsumda o‘tlar o‘z-o‘zidan nobud bo‘ladi.
Ekilgan piyozlarga erta bahorda bir marotaba ishlov beriladi. Shuningdek, bir marotabadan kultivatsiya va chopiq, yengil oziqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Uni yana ikki marotaba sug‘oriladi.
Bahorda, yaʼni 15-aprelda piyoz texnik pishib yetiladi va aholi isteʼmoli uchun mahalliy bozorlarga chiqariladi. Yangi piyoz navining afzalligi shundaki, u odatiy piyozlarga qaraganda bir oy oldin pishib yetiladi.
Shuningdek, ushbu tajriba stansiyasida sarimsoq ham ekilib, yetishtirilmoqda. Chunonchi, o‘tgan yil avgustda sarimsoq ekilgan bo‘lib, ushbu mahsulotni joriy yil may oyi boshlarida eksport qilish rejalashtirilgan.
Lavhamizda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik” ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy-tajriba stantsiyasining ekin maydonidagi sinov tariqasida ekilayotgan ekinlar va piyozning yangi navi haqida so‘z boradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: