Qadimdan quyonchilik yetti xazinaning biri sifatida eʼtirof etilgan. Xonakilashtirilgan quyon go‘shti to‘yimli, parhezbop bo‘lib, terisi va yungi terini qayta ishlash sanoatida qimmatli xom ashyo sifatida foydalaniladi. Quyon bolalari juda tez yetiluvchan bo‘lib, serpushtdir. U har qanday sharoitga tez moslashuvchan jonivor bo‘lgani uchun ham, uy sharoitida va fermer xo‘jaliklarida boqilib, yaxshi daromad olinmoqda.
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi “Bek Quyon Klaster” MChJ rahbari Doniyorbek Jabborov ham mana to‘rt yildirki quyonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Dastlab ishni 10 dona ona quyon bilan boshlagan tadbirkor asta-sekin bu ishga chuqur kirishib ketdi. Quyonchilik yo‘nalishiga berilayotgan eʼtibor va mamlakatimiz yoshlariga taqdim etilayotgan imkoniyatlarni inobatga olib, Doniyorbek ham mahalliy hokimlikka o‘z biznes-loyihasi bilan murojaat qildi va unga 1 mlrd so‘mlik kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ga tadbirkor alohida quyonxona qurdi va Rossiyadan 1000 dona “Hikol” zotli ona quyon olib keldi. Mazkur quyonlarning soni hozirga kelib 6000 taga yetdi. Keltirilgan quyonlarning mahsuldorligi juda yuqori. Ulardan ko‘paygan quyonlar 80-90 kun davomida boqilib, go‘shtga topshiriladi. Bunda har bir quyondan olinayotgan go‘shtning sof og‘irligi 1,8 kilogrammdan to 3 kilogrammgacha chiqyapti.
Fermer xo‘jaligida hozirda 6 nafar ishchi doimiy ish bilan taʼminlangan. Shuningdek, hududdagi veterinar xodimlar ham quyonlarning salomatligini tekshirish va yaxshilash maqsadida kelib, xabar olib turadilar.
Tadbirkor quyonlari uchun klasterning o‘zida ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan yem mahsulotini ishlab chiqaradi.
Hozirda fermer xo‘jaligida “Kaliforniya”, “Burgundiya” hamda “Hikol” zotli quyonlar boqilmoqda.
So‘nggi uch yilda fermer xo‘jaligi respublikamizning Toshkent, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 5 mingdan ziyod quyonlarni yetkazib berdi. Ushbu quyonlardan olingan nasl yetilganidan so‘ng, fermer xo‘jaligi ularni qayta sotib olib, go‘shtini viloyatning Buvayda, Bog‘dod hamda Rishton tumanlariga, shuningdek tumanning barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlariga hamda oziq-ovqat do‘konlariga shartnoma asosida yetkazib bermoqda.
Quyonlardan olingan teri, yung mahsulotlari respublikamizdagi terini qayta ishlovchi subyektlarga xom ashyo sifatida sotilmoqda.
Ushbu quyonchilik fermer xo‘jaligi va unda boqilayotgan quyonlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan videolavhamizda tanishing.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: