Qishloq xo‘jaligi tizimida parrandachilik yetakchi tarmoqlardan biri sanaladi. So‘nggi yillarda respublikamizda parrandachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilayotgani diqqatga sazovor.
Jumladan, davlat rahbarining 2021-yil 14-iyundagi Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori bilan respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda parrandachilik yo‘nalishidagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator imtiyozlar joriy etilgan. Mazkur sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz rivojlangan xorij davlatlaridan zotdor parrandalarini olib kelib o‘z korxonalarida boqish va ko‘paytirish ishlarini amalga oshirmoqda. Bu esa ichki bozorlarimizga sifatli tuxum va go‘sht mahsulotlari ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
Ayni shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida joylashgan “FARG‘ONA NASLLI PARRANDA” MChJ ham tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan tadbirkorlik korxonasidir. Ushbu korxona 2008-yil tashkil topgan bo‘lib, asosan aholiga sifatli tuxum mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kunda jamiyatda tuxum beruvchi 250 ming dona parrandalar parvarish qilinmoqda. Korxonaning bir kunlik quvvati 200 ming dona sifatli tuxum mahsulotlari ishlab chiqaradi. Parranda sexlariga Turkiya davlatidan keltirilgan avtomatlashgan tovuq qafaslari o‘rnatilgan. Ta’kidlash joiz, mazkur qafaslarda boqilayotgan parrandalarga ozuqa berish va tuxumlarni yig‘ib olish inson omilisiz kompyuterlashgan dastur yordamida amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, korxona parrandalarni Rossiya federatsiyasi Sverdlovsk viloyatining parrandachilik fermasidan “Supernik” va “Koral” zotli parrandalarining tuxumlari olib kelinib inkubatorda ochirilib parvarish qilinadi. Bu zotlarning afzalligi tuxumchilikga moslashganligi va mahsuldorligi bilan boshqa parrandalardan ajralib turadi.
Nozimjon Yo‘ldoshev “FARG‘ONA NASLLI PARRANDA” MChJ rahbari:
— Biz bu zotni Rossiya federatsiyasi Sverdlovsk viloyatidan tuxum holatida maxsus mashinalarda olib kelamiz. Va o‘zimizda mavjud bo‘lgan inkubatorlarda jo‘ja ochib chiqaramiz. Bu zotdagi parranda tuxumi bozorbop, katta hajmli va sifatli, ko‘rinishi juda chiroyliligi bilan boshqalaridan ajralib to‘radi. Omuxta yemlarni ko‘proq fermer xo‘jaliklaridan va don bilan shug‘ullanuvchi importyorlardan sotib olamiz. Davlatimiz rahbariga rahmat, biz tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xohlasak pullarimizni konvertatsiya qilib xorij davlatlardan ozuqa yemlarini olib kelamiz. Faoliyatimizda hech qanday muammolar yo‘q.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda sayyoramizda iqlim o‘zgarishi sababli yoz oylarida havo harorati me’yoridan ortiqroq isib bormoqda. Buning oqibatida ko‘pgina sohalarni modernizatsiya qilish jarayonlarini davrning o‘zi taqozo etayapti. Havoning isib ketishi boshqa sohalar kabi parrandachilik yo‘nalishida ham ko‘plab noqulayliklar keltiradi. Xususan, parrandachilikda ko‘paytirish va ulardan tuxum olish jarayoniga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shu noqulayliklarning oldini olish maqsadida 2022-yil noyabr oyida korxonaning 11-sexiga Belarus Respublikasi “Sagrada” fermasidan eng zamonaviy innovatsion texnologiya, ya’ni, haroratni avtomatik nazorat qilish uskunasi olib kelindi.
Bu uskuna 24-soat mobaynida tovuq qafaslaridagi harorat mo‘tadilligini kompyuterlashtirilgan tizim asosida nazorat qiladi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu texnologiya orqali yuqori sifatli tovuq tuxumlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shu bois, korxonaning boshqa sexlariga ham bu zamonaviy amaliyotni bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Korxona bugungi kunda to‘liq ish quvvatida ishlayotgan bo‘lib, ishlab chiqarilgan tuxum mahsulotlari mahalliy bozorlarimizga iste’mol uchun yetkazib beriladi.
Nigora To‘raboeva “FARG‘ONA NASLLI PARRANDA” MChJ ishchi xodimi:
— Bir kunlik ish vaqtimiz 8 soatdan iborat. Kun davomida 240 tadan 300 tagacha tuxumni katta kichiklarini alohida alohida qilib, ish sharoitlarimiz yaxshi. Ish jarayoni avtomatlashtirilganligi hisobiga biz ichkariga kirmaymiz. Gigiyena qoidalariga amal qilamiz. Tuxumlarni avtomatlashgan uskunaning o‘zi lentalarida olib chiqadi. Qadoqlangan tuxumlar aholi iste’mol uchun jo‘natiladi.
Xo‘jalikda 60 nafar ishchi xodim ish bilan ta’minlangan. Ularning yaxshi mehnat qilib, yaxshi dam olishi uchun barcha sharoitlar tashkil etilgan. Kelgusida korxonada parrandalar sonini 500 ming boshga yetkazib kengaytirish hisobiga ishchilar sonini 100 nafardan oshirish rejalashtirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: