Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasidagi poliz ekinlarini yetishtirish kun sayin rivojlanib bormoqda.
Ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda mehnatdan qochmagan har kishi bir parcha yerdan ham unumli foydalanib yaxshigina daromad topyapti, yanada ko‘prog‘iga intilyapti va izlanyapti. Natijada poliz ekinlarini ekishda ham turli hil yangiliklarga qo‘l urilib, yangi-yangi ekish usullari ommalashib bormoqda.
Misol uchun tarvuzchilikni oladigan bo‘lsak, bugungi kunda bu borada Qashqadaryo viloyatida Ko‘kdala tumani mirishkor dehqonlarining oldiga tushadigani yo‘q. Bu yerda yetishtirilayotgan tarvuzlar nafaqat yurtimiz, balki xorij bozorlarida ham mashhur bo‘lib ulgurgan.
Hozirgi kunda tuman dehqonlari tarvuz yetishtirishning besh-olti xil usulini o‘zlashtirishgan. Erta yoki kech hosil olish maqsadiga, tuproq-suv sharoitiga qarab turli ekish usullaridan foydalaniladi.
Xususan, Ko‘kdala tumani “USMON OTA” fermer xo‘jaligiga tegishli 48 gektarlik lalmi yer maydonining 3 gektariga issiqxona sharoitida ilk bor plyonka tagiga ertapishar tarvuz urug‘lari ekilib parvarish qilinmoqda. Bu tarvuz ekishning yangi turi o‘tgan yili 15 sotix tomorqa yer maydonida ekib sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, mo‘l hosilga erishilgani aytilmoqda. Shu bois bu yil fermer xo‘jaligi lalmi yerda yer osti suvini chiqarib, eng ertagi pishadigan tarvuzlarni 3 gektarlik issiqxona sharoitida parvarishlamoqda. Ta’kidlanishicha, ushbu usulda yetishtirilayotgan tarvuzlar joriy yil aprel oyining oxirgi kunlarida ichki bozorlarimizga iste’mol uchun yetkazib beriladi.
Shokir Xurramov, “USMON OTA” fermer xo‘jaligi rahbari:
— Lalmi yerlarimizda issiqxona tashkil etib plyonka tagiga tarvuz ekdik. Xudo xohlasa, tarvuzlarimiz aprel oyining oxirlarida pishadi, ularni ichki bozorlarimizga yetkazamiz. Bu yil ilk bor tajriba sifatida ertagi navni ekib yetishtirdik. Kelgusi yil yanada kattaroq yer maydonlariga ekib, ichki bozorlarimizni ertapishar tarvuzlarimiz bilan to‘ldirishni
Solih Rajabov, dehqon:
— O‘tgan yili 300 tonna tarvuzni Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport qildik. Bu yil ushbu ko‘rsatkichlarni ikki baravar oshirish niyatidamiz. Shuningdek, kelgusi ikki-uch yil ichida bu ko‘rsatkichlarni 10 baravar oshirishni oldimizga maqsad qilganmiz. Bu issiqxonadagi tarvuzlar umumiy hisobda aprel oyinining boshlarida tugishni boshlagan. Bu davrda hech qanday hashoratlar ucholmaydi. Shu bois changlatishni qo‘lda amalga oshirdik. Bu usul o‘z samarasini berdi. Issiqxonamizda gektaridan 20 tonnadan ziyod hosil olish niyatidamiz. Tarvuzlarimiz hech qanday kimyoviy dorilarsiz parvarish qilinmoqda. Mahsulotni yaqin kunlarda yurtimiz dehqon bozorlarida sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqdamiz. Rossiya Federatsiyasiga eksport qilgan tarvuzlarimiz u yerdagi xaridorlar tomonidan yuqori baholandi. Chunki, yurtimiz issiq o‘lka bo‘lgani sababli, bu yerda yetishtirilgan tarvuzlar boshqa mamlakatlarda yetishtirilgan tarvuzlardan ancha mazali. Ma’lumki, hozirgi kunda respublikamizga sovuq va nam obu-havo kirib kelishi kuzatilyapti. Bizning asosiy maqsadimiz ushbu sovuq havodan hosillarimizni eson-omon asrab, iste’mol uchun dehqon bozorlariga yetkazib berish.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun tuman dehqonchiligida tarvuzchilik eng rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Bu esa bozorlarimizning to‘kin-sochinligi va yurtimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: