Bugun O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Bavariya Oziq-ovqat, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi davlat kotibi Hubert Bittlmayer boshchiligidagi ushbu o‘lka delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori v.b. Sohib Islomov ham qatnashdi. Germaniyaliklar delegatsiyasini Bavariya federal chorvachilik uyushmasi ijrochi direktori Yoxan Ertel, shuningdek “BayWA AG” kompaniyasi, Vaynnshtefan-Triyezdorf amaliy fanlar universiteti vakillari va boshqalar tashkil etdi.
Mehmonlarni qutlar ekan, Aziz Voitov mamlakatlarimiz o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini shaxsan muhokama qilish imkoniyati tug‘ilganidan samimiy mamnuniyatini izhor qildi.
Kun tartibidagi birinchi masala mamlakatimizning har bir hududida AKIS (qishloq xo‘jaligida bilimlar va innovatsiyalar tizimi markazi) markazlarini ochishga bag‘ishlandi. AKIS markazlari ilm-fanni xususiy biznes, ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bu borada Bavariya tajribasi O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otadi.
“Bavariyalik kompaniyalar yuqori sifat va barqaror ishlashlari bilan O‘zbekiston bozorida yanada shuhrat qozonishlari mumkin. Konsultatsiya, qishloq xo‘jaligi jihozlari va maxsus texnika lizingi sohalarida xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekistonda Bavariya kompaniyalarining keng ko‘lamli vakolatxonalarini ochish maqsadga muvofiq deb hisoblayman”,- qayd etdi Aziz Voitov.
Kun tartibidagi ikkinchi masala ta’lim sohasiga oid bo‘ldi. Uning doirasida “agrar menejment” yo‘nalishi bo‘yicha magistrlar uchun ikki tomonlama diplomlar qo‘shma dasturi, shuningdek o‘zbekistonlik talabalar uchun Bavariya qishloq xo‘jaligi korxonalarida amaliyot o‘tash kvotalarini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat asnosida Toshkent davlat agrar universiteti Vaynshtefan-Triyezdorf (Bavariya) amaliy fanlar universiteti bilan sheriklik munosabatlarini o‘rnatganligi qayd etildi.
Shundan so‘ng qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar mavzusi muhokama qilindi. Bu borada agrar taraqqiyotning innovatsion jihati dunyoda tobora dolzarbroq ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Chunonchi, O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrosanoatni raqamlashtirish markazi faoliyat yuritadi. Uchrashuvda qayd etilganidek, mahsulot ishlab chiqarishning butun jarayonini “daladan iste’molchigacha” tarzida kuzatib borish imkonini beruvchi raqamli platforma bo‘yicha Bavariya ishlanmalari respublikamiz uchun qiziqish uyg‘otadi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Bavariya investitsiyalarini jalb qilgan holda sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi hamkorlikka e’tibor berildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Bavariya federal chorvachilik uyushmasi bilan O‘zbekistonga yirik va mayda shoxli qoramollar serpusht zotlarining embrionlari va urug‘li materiallarini yetkazib berish masalalari bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
BayWA AG vakili fermerlar uchun tovarlar va xizmatlarning keng ko‘lami aks ettirilgan taqdimotni namoyish etdi. BayWA AG – bosh qarorgohi Myunxen (Germaniya)da joylashgan xalqaro kompaniyalar guruhi. Dastlab mahalliy qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan kompaniya o‘z faoliyatini qurilish va energetika sohalari evaziga kengaytirdi. BayWa AG o‘z sho’ba korxonalari va xoldinglar orqali 50 dan ziyod mamlakatda faoliyat olib boradi.
O‘zbekiston tomoni, yuqori unumdor qishloq xo‘jaligi texnikasi, o‘g‘itlar va boshqa qishloq xo‘jaligi tovarlariga bo‘lgan talabni qondirish uchun, mamlakatda BayWA AG vakolatxonasi, servis markazi, shuningdek savdo uyini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Shuningdek, Bavariya ishlab chiqaruvchilari eksportini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida, nemis jamg‘armalari va banklarining kredit liniyalarini olish masalalarini ishlab chiqishga ham tayyorligini izhor qildi.
Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik masalalarini hal qilish uchun kelgusi ishlar rejalari belgilab olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: