Bugungi kunda respublikamizda agroklasterlarning faoliyati, ularning qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida tez-tez tilga olinmoqda. Sohadagi klasterlar albatta, keng qamrovliligi va bir paytda bir nechta fermer xo‘jaliklarini o‘zida birlashtirib, ularga xizmat ko‘rsata olishi bilan ham eʼtibor qozonmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatida ham mana shunday keng qamrovli “Semurg‘” urug‘chilik innovatsion kompaniyasi faoliyat olib bormoqda.
2019-yilda respublikadagi ilk agroklaster sifatida ish boshlagan maskanda urug‘lik paxta va urug‘lik g‘alla tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, bu yerda ko‘pgina yangi imkoniyatlar yaratildi, shu bilan birgalikda odamlar ish bilan taʼminlandi. Hozirda klasterda 67 nafar ishchi xodim faoliyat olib bormoqda.
Bugun yangi texnika-texnologiyalardan foydalanish zamon talabi hisoblanadi. Shu bois ham ushbu klasterga Xitoy davlatidan eng so‘nggi zamonaviy, innovatsion uskunalar olib kelindi. Bu uskunalar yordamida bir vaqtning o‘zida paxtani qayta ishlash, undan olingan urug‘lik chigitni tuksizlantirish, saralash, dorilash hamda ularni meʼyor darajasida quritish ishlari bajariladi.
Ushbu klasterning afzalligi shundaki, bu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari bilan hamkorlikda yaratilgan yangi navlar shu maskanning o‘zida ko‘paytirilib, klasterga tegishli dala maydonlarida sinovdan o‘tkaziladi. So‘ngra sinovdan o‘tgan urug‘liklar klaster va fermer xo‘jaliklariga sertifikatlangan holda yetkazib beriladi. Hozirda ushbu innovatsion kompaniyada paxta va g‘allaning eng yuqori hosil beruvchi ertapishar, suvsizlik va kasalliklarga chidamli navlarini yaratilib, ko‘paytirilib, yetishtirilib kelinmoqda.
Respublikamizda faoliyatini boshlagan korxona va tashkilotlar o‘z mahsulotlari bilan nafaqat mahalliy mijozlarni, balki xorijiy hamkorlarni ham taʼminlashmoqda. 2021-yilda “Semurg‘” urug‘chilik innovatsion korxonasi eksportga yo‘naltirilgan korxonaga aylantirildi. Yaʼni qozog‘istonlik hamkorlar aynan ushbu klasterda tayyorlangan urug‘lik chigitlarni ekish uchun tanlab olishdi va shartnomalar tuzildi.
“Semurg‘” urug‘chilik innovatsion korxonasida tayyorlangan chigitlik urug‘larning hosildorligi gektariga 45-47 foizdan, g‘allaning urug‘liklari esa gektariga 80-90 sentnerdan yuqori hosil bermoqda. Taʼkidlash lozimki, bu korxonaning yer maydonlarida g‘allaning turli navlari turlicha vaqtlarda ekiladi. Shunda urug‘larning unuvchanligi, zichligi va joylashuvi turlicha bo‘ladi. Turli nav urug‘lar esa yer maydonlarining va iqlimning imkoniyatlaridan kelib chiqib, hududlardan tashrif buyurgan klaster rahbarlari tomonidan tanlab olinadi. To‘g‘ri va o‘z vaqtida qilingan tanlov esa har doim ijobiy natijasini ko‘rsatadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: