Bugun 14-aprel kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan mazkur uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev hamda Agentlik direktori Shuxrat Kadirov va tomonlarning tegishli boshqarma va tizim tashkilotlari mas’ullari ishtirok etishdi.
«Hozirda iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash o‘z ijobiy natijalarini berayotgani, shubhasiz. Respublika qishloq xo‘jaligi sohasida yerni masofadan zondlash va geoaxborot texnologiyalarini joriy etish orqali yangi, avval foydalanilmagan imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunda mavjud hamkorlikni davom ettirgan holda rejadagi ko‘plab loyihalarimizni amalga oshirishda albatta, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining imkoniyatlaridan foydalanishni va ko‘zlangan natijaga birgalikda erishishni istaymiz«— dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish doirasida amalga oshirilagan loyihalar bilan bir qatorda ekinlarni kosmik monitoring qilish, ekin yerlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash ishlari, elektron maʼlumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ekinlarni avtomatik tarzda identifikatsiya qilish va hisobini yuritishda yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash hamda tomonlarda yaratilgan axborot va geoaxborot tizimlaridan unumli foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga sohada aniq va shaffof statistik maʼlumotlarni shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yo‘nalishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, raqamlashtirish loyihalarini bajarishda yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan vazifalar, shu jumladan, respublikaning Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi yerlarining kosmik monitoringini yo‘lga qo‘yish tadbirlari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida Agentlik bilan muhokama qilingan masalalarni amalga oshirish hamda sohada geoaxborot texnologiyalarining qo‘llanishini yanada kengaytirish va yana boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: