Bugun ijtimoiy tarmoqlarda bozor rastalaridagi bulg‘or qalampirining narxi yuqoriligi bilan bog‘liq ko‘plab muhokamalar bo‘lmoqda. 1 kilogramm bulg‘or qalampirining o‘rtacha narxi qancha? Narxning yuqoriligi sotuvchi va xaridorlarga qanday taʼsir ko‘rsatmoqda? Ushbu savollarga javob topish maqsadida poytaxtimizdagi “Yunusobod” va “Eski Juva” dehqon bozorlarida bo‘ldik. Sotuvchilar avvalgi yillarda bulg‘or qalampirining narxi bunchalik yuqori bo‘lmaganini va bu yilgi holat yanvar oyida respublikamizda kuzatilgan keskin sovuq bilan bog‘liqligini taʼkidlashmoqda.
Xo‘sh, mamlakatimizda qancha issiqxonalarda bulg‘or qalampiri yetishtiriladi-yu, bu yil ushbu mahsulot bilan aholi ehtiyojini qondirish imkoniyati yetarlimi? Bulg‘or qalampirining narxi qachon barqarorlashadi?
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi «Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish» bo‘limi boshlig‘i Shavkat Azizovning bildirishicha, — “Bugungi kunda respublikada 3 ming 188 ta issiqxona xo‘jaliklari tomonidan jami 6 ming 300 gektar maydonlarda sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Joriy yilda issiqxona xo‘jaliklarida 500 gektarga yaqin yer maydonida shirin bulg‘or qalampirlari ekilgan bo‘lib, ayni kunlarda bozorlardagi ushbu mahsulotning narxini ko‘tarilishiga yanvar oyida keskin sovuq bo‘lganligi va o‘simlikning vegetatsiya davrida yetarli darajada issiqlik bilan taʼminlay olinmaganligi sababli stressga tushgani va shuning natijasida yetishtirish davri 20-25 kunga kechikdi. Hozirda mamlakatimizdagi issiqxonalarda aholini ehtiyojini qondirish, ichki bozorlarni taʼminlash uchun yetarli miqdorda bulg‘or qalampirlari yetishtirilmoqda. Aprel oyining ikkinchi yarmida bulg‘or qalampirining narxi barqarorlashishi kutilmoqda”.
Bulg‘or qalampirining issiqxonalardagi holatini va hosildorlikni yetarli ekanini ko‘rish maqsadida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan “Do‘stlik”mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Kenjaboyevlar xonadoniga yo‘l oldik. Eʼtiborimizni tortgan jihati, ushbu oila uzoq yillardan beri issiqxonada pomidor, bulg‘or qalampiri yetishtirib kelmoqda. Oila bekasi Mavjuda Kenjaboyeva ushbu xonadonga kelin bo‘lib tushganiga 30 yildan oshganini va shundan beri issiqxonada pomidor, bug‘lg‘or qalampiri yetishtirib kelishayotganini aytadi. Eʼtiborlisi, bulg‘or qalampirini issiqxonada yetishtirilganda undan ikki marotaba hosil olinadi. Uning ko‘chatini yanvar oyida ekilsa, avgust oyiga borib, uni novdasini sindiriladi va ikkinchi marotaba hosil olish uchun yetishtiriladi. Albatta, bu mahsulotni yetishtirishning o‘ziga yarasha mashaqqati mavjud. Buni esa faqatgina issiqxonada bulg‘or qalampiri yetishtirgan dehqongina biladi.
Issiqxonada bulg‘or qalampirini yetishtirishda nimalarga eʼtibor qaratish kerak? Keskin sovuq bo‘lganiga qaramay, issiqxona egasi kutilgan hosilni olyaptimi?
Tomorqa xo‘jaligiga asoslangan issiqxona egasi Faxriddin Kenjaboyev o‘tgan yilgi bulg‘or qalampiridan olingan hosil yaxshi bo‘lgani uchun 5 sotixli issiqxonasini 7 sotix kengaytirganini maʼlum qildi. Issiqxonada 20 darajali issiqlik bo‘lsagina bulg‘or qalampirlari o‘sishda davom etadi. Agar harorat bundan pasayib ketsa, bulg‘or qalampirlari stressga tushib, uning rivojlanishi sekinlashadi. Albatta, keskin sovuq paytida issiqxonadagi bulg‘or qalampirini yetishtishning o‘zi bo‘lmadi. Ushbu issiqxonada bulg‘or qalampirining dastlabki hosili mart oyining o‘rtalarida terib olindi. Hozirda hosilga hosil qo‘shilib bormoqda. Bu esa, bozorlarimizga yanada ko‘proq bulg‘or qalampiri yetkazib berilishini va narx-navo ham shunga yarasha arzonlashishini ko‘rsatadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: