Kuni kecha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Birlashgan Arab Amirliklarining IFFCO GROUP iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish va eksport qilish kompaniyasining oziq-ovqat sektori direktori Andrey Dnibri bilan videokonferensaloqa shaklida muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar qandolat va sut mahsulotlari, shuningdek, tomat pastasi va mevali murabbo bozorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Aziz Voitov hozirda O‘zbekistonda qulay sarmoyaviy muhit yaratilayotgani IFFCO GROUP kabi yirik xorijiy korxonalar bilan hamkorlik qilish uchun yangi istiqbollar ochilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
— Kompaniyangiz uzoq tarixga ega va uzoq vaqtdan beri dunyoning ko‘plab mamlakatlari bozorlarida mavjud. Bugungi kunda hamma Osiyo bozorlarining o‘sib borayotgan afzalliklaridan xabardor. Sizning kompaniyangiz O‘zbekiston iqtisodiyotiga va birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi-oziq-ovqat sohasiga qiziqish bildirayotganidan xursandmiz, – dedi Aziz Voitov.
Muloqot davomida tomonlar tomat pastasi, mevali murabbo, qandolat va fermentlangan sut mahsulotlari uchun xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar bozorini birgalikda rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, shuningdek, amalga oshirish bosqichlari ko‘rsatilgan yo‘l xaritasini yaratishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bosqichlari ko‘rsatilgan yo‘l xaritasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ma’lumot uchun: Birlashgan Arab Amirliklarida faoliyat yurituvchi IFFCO GROUP kompaniyasi 1975-yilda tashkil etilgan. Kompaniya qayta ishlangan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va chakana sotuvchi eng yirik ALLANA GROUP tarkibiga kiradi. IFFCO GROUP kompaniyasining asosiy yo‘nalishlari oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika, savdo va qadoqlash xizmatlaridir. Kompaniyaning 48 mamlakatda 95 ta korxona va vakolatxonalari mavjud bo‘lib, ularda 12 ming kishi ishlaydi. IFFCO GROUP dunyoning 5 qit’asida 80 dan ortiq brendlarni taqdim etadi, shuningdek, dunyoning 101 mamlakatida o‘z savdo bozoriga ega.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: