Bugungi kunda dunyoda tobora global ahamiyat kasb etayotgan masalalardan biri bu – oziq-ovqat xavfsizligidir. Har bir davlat mazkur ishga o‘zining tajriba va amaliy ko‘nikmasini shakllantirgan holda yondashishi bor gap. Tahlil, qiyos va o‘rganish. O‘zgarib borayotgan dunyo talabi shunday.
O‘zbekistonda ayni masalaga jiddiy va tahliliy yondashiladi. 36 milliondan ziyod aholining kunlik hayoti, ertangi istiqboli bilan bog‘liq masalaga davlat ahmiyatiga molik masala sifatida qaraladi. Bu borada ko‘pgina davlatlar ayni yo‘nalishni qayd etadilar. Ozarbayjonda ham shunday. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi delegatsiyasi o‘zining navbatdagi ishchi uchrashuvini mazkur masalaga dahldor organ bilan o‘tkazdi. Ozarbayjon oziq-ovqat xavfsizligi agentligi o‘zbek hamkasblarini odatdagidan farqli o‘laroq, protokol uchun emas, amaliy hamkor sifatida kutib oldi. Ma’lumot, suhbat va muloqotlar ayni yo‘nalishda kechdi. Dastavval kutib oluvchi tomon O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida urg‘ulashdi. Hamkorlik va yaxshi sheriklik asosida ish tashkil qilingani mamnuniyat ila ta’kidlandi. So‘ng agentlik faoliyatiga chizgi berildi. Ozarbayjonda 2017-yildagi qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida tashkil etilgan agentlik, mamlakatdagi 5 ta vazirlikning sohaviy kesimdagi taalluqli yo‘nalishlarini o‘ziga jamlagan holda ta’sis etilgan. 900 nafar shtat birligiga ega agentlik mamlakat oziq-ovqat yo‘nalishining barcha jabhalarini o‘ziga qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Oddiy so‘z bilan ifodalansa, nimaniki iste’mol qilish mumkin bo‘lsa, uning xavfsizligi uchun mas’ul organ mana shu. Shuning uchun agentlik Ozarbayjon oziq-ovqat savdosi, uning ishlab chiqarish segmenti va sanoatdagi yo‘nalishlariga ham javobgar. Bu yerda ham “daladan-dasturxongacha” tamoyili to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Agentlik haqida ikki og‘iz: uning tarkibida Oziq-ovqat xavfsizligi instituti, 17 ta laboratoriya (shuning 9 tasi hududiy maqomda), 13 ta hududiy markazlari mavjud.
Bu yerda barcha ishlar elektron platformaga asoslangan holda tashkil qilingan. AQTIS tizimi ayni agentlikning raqamli makoni hisoblanadi. Kezi kelganda alohida ta’kidlash o‘rinliki, agentlik Ozarbayjonda oziq-ovqat xavfsizligiga oid yagona davlat siyosatini yurituvchi organ hamdir. Uslubi ham o‘ta tushunarli tarzdagi algoritmga asoslangan: davlat-ishlab chiqaruvchi-tadbirkor. Bu zanjir doimiy me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinib, agentlik tomonidan o‘rnatilgan tartib asosida nazorati amalga oshirib kelinadi.
AQTIS elektron platformasining yana bir yutug‘i – bu yerda maxsus modul orqali import va eksport munosabatlarini amalga oshirish imkoni bor. Misol uchun: import modulida 7 ta majburiy talab mavjud. Demak mamlakatga mahsulot olib kirmoqchi bo‘lgan tadbirkor mana shu talablarni bajarishi shart. Ularning ijrosini esa elektron tarzda to‘ldirib beradi. O‘z navbatida agentlik ixtisoslashuv bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan mana shu talablar ijrosi yuzasidan so‘rovnoma yuboradi. Aslida mana shu 7 ta talab ham yuqorida aytganimiz vazirlik. Tashkilotlar tomonidan qo‘yilgan talablarni aks ettiradi. Qolgani integratsion platformaning o‘zida hal bo‘ladi. Oson, shunday emasmi?
2023-yilning 1-yanvar kunidan e’tiboran mamlakatda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun to‘liq kuchga kirgan. Demakki, bu boradagi nazorat ham ayni qonun talablari asosida tashkil qilinmoqda. Nazorat so‘zi bu yerda salbiy ma’no kasb etmasligiga bir qancha omil bor. Asosiysi barcha jarayon bu yerda ham raqamlashgani. O‘zbekistonda YHXB inspektorlari bodi kamera va planshetlar bilan jihozlanganini bilasiz. Ozarbayjonda esa agentlik nazoratchilari mana shunday anjomlarga ega. Nazoratchi qaysi hudud va yoki obyektni tekshirishga borsa, albatta dislokatsiya manzili va yo‘nalishi bo‘yicha doimiy tarzda bodi kamera ish holatida bo‘lishi shart. U o‘z navbatida ovoz hamda tasvirni to‘liq va sifatli uzatadi. Buning uchun qo‘shimcha antennalar o‘rnatilib, faoliyati doimiy nazoratga olingan. Elektron karta bo‘yicha ish vaqtida istalgan inspektor qaerga va qanday maqsadda tashrif buyurganini bila olasiz. Tadbirkor huzurida hozir bo‘lgan nazoratchi tashrif maqsadi, qonunchilik bo‘yicha talab va tekshiriluvchining qonuniy huquqlarini tushuntirib o‘tadi. Markaziy boshqaruv pulti esa mamlakat bo‘ylab bir hil rejimda ishlaydi. Hududiy bo‘linma rahbaridan tortib, agentlik rahbarigacha barcha jarayonni jonli kuzatish imkoniga ega. Bundan tashqari inspektorlarning barcha amaliyoti yozib olinadi va ma’lum muddat maxsus serverlarda saqlanadi. Bu ish sudga qadar yetib borsa, o‘z huquqini himoya qilish uchun ham nihoyatda zarur amaliyot sanaladi. Bu yerda talab har ikki subyektga bir hil: qonun talablariga bo‘ysunish.
Agentlik 72 ta mobil avtomobil, 3 ta maxsus mobil laboratoriya hamda 3 ta o‘ta xavfli infeksiyalarni aniqlashga mo‘ljallangan ko‘chma mobil laboratoriya yordamiga o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarmoqda. Eng asosiysi bu yerda kadrlar masalasi. Ochig‘i, agentlik o‘z kadrlarining doimiy malaka oshirishlari va zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lishidan manfaatdor. Shuning uchun bu yerda xodimlarni o‘z ustida ishlashlari va ta’limga bo‘lgan intilishlari rag‘batga ega. Xorijdan soha mutaxassislari taklif qilinadi. Mutaxassislar chet ellarga yuboriladi. Maqsad zamonaviy dunyoda paydo bo‘layotgan o‘zgarishlarga o‘z vaqtida javob berish hamda oziq-ovqat xavfsizligini millat kelajagiga dahldor masala sifatida himoya qilish.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: