Pomidor deyarli barcha sevib isteʼmol qiladigan mahsulot hisoblanadi. Avvallari faqat yoz mavsumida pomidorlar bozor rastalariga yetkazib berilgan bo‘lsa, endilikda issiqxona xo‘jaliklarining rivojlangani tufayli uni yil bo‘yi iste’mol qilish mumkin. Mamlakatimizda esa pomidor yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxona xo‘jaliklari talaygina.
Begzod Salimov Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi loyiha ofisi rahbari:
Respublikamizda umumiy 6 ming gektardan ziyod issiqxonalarimiz mavjud bo‘lib, shundan 3, 5 ming gektari gaz orqali, 1,5 ming gektari ko‘mir va qolgan 1000 gektari boshqa turdagi alternativ yoqilg‘i turlari orqali isitiladi.
Issiqxonalarning rivojlanish davri asosan 2017-2020–yillarga to‘g‘ri keladi. 2017-yilda jami issiqxonalarning umumiy maydoni 1139 ta xo‘jaliklarda 1938 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib, bu ko‘rsatkich 2667 ta xo‘jaliklarda 4950 gektarga yetkazildi.
Issiqxonalarda mahsulot yetishtirish ko‘rsatkichi 2017-yilda 91,2 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib, bu ko‘rsatgich 301 ming tonnaga yetkazildi hamda 2023-yilda 350 ming tonna hosil olish rejalashtirildi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, 2022-yilda respublikamizdagi issiqxonalarda 194 ming tonna pomidor yetishtirilgan.
2023-yilning mart oyiga qadar issiqxonalarda 27 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi.
Xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlarini umumiy hisobda 14 yil yetib belgilash va imtiyozli davrini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish bo‘yicha berilgan topshiriqqa asosan, Issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tomonidan 4 ta yig‘ilish o‘tkazilib, 2 ta yig‘ilish bayoni tasdiqlandi. 3 575 ta issiqxonalar va muzlatgichli omborxonalarning 11,3 trln so‘mlik kreditlari muddatini uzaytirish bo‘yicha berilgan takliflar asosida bayon tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Toshkent viloyatidagi «Baxtiyor mirishkor fayz» fermer xo‘jaligi ham pomidor yetishtirishda ko‘zga ko‘ringan issiqxonalardan. 6,5 gektar maydonda tashkil etilgan ushbu fermer xo‘jaligi yetti yildan beri faoliyat olib bormoqda. Bu yerda zamonaviy koreys texnologiyalari asosida mahsulot yetishtirishning qulayliklari bisyor.
Bu issiqxonada dekabr-yanvar oylarida pomidor ko‘chatlari ekiladi. Bu yili 150 mingta pomidor ko‘chati ekilgan bo‘lib bahorda yaʼni mart oyining ikkinchi yarmida pishib yetiladi. May oylarida esa pomidorning pishib yetilish davri avjiga chiqadi. Bu yerda yetishtirilayotgan pomidorlar sifatli bo‘lgani bois juda borzorgir hisoblanadi.
Issiqxonada pomidor yetishtirishning o‘zi bo‘lmaydi, unga kuchli mehr va eʼtibor hamda mineral va mahalliy o‘g‘itlarni o‘z vaqtida berish lozim. Eng asosiysi, issiqxonada pomidor yetishtirish davrida ishchilar tun-u kun ishlashadi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan pomidorning narxlari bilan bog‘liq mavzuga to‘xtalsak. Ushbu mavsumda pomidorlarning narxlari yuqorilini mutaxassis, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi loyiha ofisi rahbari Begzod Salimov shunday izohladi:
— Qishda yaʼni yanvar oyida mamlakatimizda kuzatilgan keskin sovuq taʼsirida issiqxonalarada yetishtirilayotgan pomidor hosilining pishib yetilishi va sotuvga chiqishi biroz kechikdi. Yaʼni odatda ushbu mavsumda pomidor issiqxonalarda 90 kunda pishib yetilsa, bu yil ushbu muddat 120 kunga cho‘zilmoqda. Bu esa pomidorning bozorlarda biroz kamligiga va narxining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Mana hozirda issiqxonalarda pomidor hosillari pishib yetilmoqda. Aprelning o‘rtalari va mayning boshlarida esa issiqxonalardagi pomidorlar g‘arq pishadi va bu uning bozorlarda ko‘payishiga va narxlarning barqarorlashiga olib keladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: