Qishloq xo‘jaligida eski bog‘larni saqlab qolish va yangilash, yangi navlarni ko‘paytirish va hosildorlikni oshirish hisobiga iqtisodiy samaradorlikka erishish maqsadida bog‘larda payvandlash ishlari amalga oshiriladi. Payvandlash bu o‘simlikning bir qismi boshqa bir o‘simlik tanasiga qo‘shilishi va uyg‘unlikdagi hosilni olishga erishish uchun ko‘chirish ishlarining amalga oshirilishidir.
Bugun yurtimiz bobodehqonlari va bog‘bonlari bog‘dorchilikda faqatgina bu bilan kifoyalanib qolmasdan hatto subtropik o‘lkalarda o‘sadigan mevali daraxtlarni ham yurtimizga keltirib iqlim sharoitimizga moslashtirish va sarxil subtropik mevalarni o‘zimizda yetishtirishni yo‘lga qo‘yishda tinmay izlanishlar olib bormoqda. “Agromaslahat” ruknimizning bugungi sahifasida sitrus mevalarni qanday payvand qilish haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lasiz.
Sahifamizda apelsin novdasini limon ko‘chatiga payvandlash ishlari haqida hikoya qilamiz.
Buning uchun apelsin daraxtidan bir yillik yetilgan novdasi kesib olinadi. Uning qalinligi 0,8-10 millimetr bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ushbu bir yillik novdaning yetilganligiga, sog‘lomligiga eʼtibor qaratish kerak. Agar novda zararlangan bo‘lsa, payvand qilinadigan daraxtni ham zararlaydi. Payvand qilish uchun tanlab olingan apelsin novdasi bilan limon ko‘chatining yo‘g‘onligi bir xil bo‘lishi kerak. Aks holda, payvandtag to‘g‘ri o‘smaydi.
Kesib olingan novdada 3 ta ko‘z (kurtak) qoldirgan holda qalamcha tayyorlab olinadi. Tepadagi apelsin qalamchasi bilan pastdagi limon ko‘chatining po‘stlog‘i bir-biriga tegib turishi kerak. Ularni payvand qilishda bir-biriga mahkam bog‘lab qo‘yiladi. Buning uchun bog‘lama sifatida skotchdan ham foydalansa bo‘ladi. Faqat uning yopishmaydigan tarafi bilan o‘rab chiqiladi. Bunday bog‘lash keyinchalik skotchni yechib olayotganda qo‘l keladi. Yopishmaydigan tarafi novdaning terisini shilib yubormaydi.
Subtropik o‘simliklar namlikni xush ko‘radi. Shu bois ham payvand qilingan daraxtning tepa qismi yelim xaltacha bilan yopib qo‘yiladi. Bu uning ichidagi namlikni saqlab turadi. Shunday holatda sitrus mevalarni mahalliy navlariga payvand qilib, ko‘kartirish mumkin bo‘ladi.
Payvandning o‘sganiga ishonch hosil qilingandan keyin, uning tepasiga o‘ralgan yelim qismi ozroq kesib qo‘yiladi. Bu uning ichiga havo kirib, novdalarning yetilishiga turtki bo‘ladi. Bir oydan so‘ng yelim xalta olib tashlanadi. Payvand qilishda foydalanilgan skotchni esa 3 oy muddat ichida olib tashlash mumkin. Sitrus o‘simliklar +12 daraja issiqlikda o‘sishni boshlaydi. Havo harorati +20 – +22 daraja bo‘lganida kurtaklar yozilayotganini ko‘rish mumkin.
Mana shu tariqa boshqa sitrus o‘simliklarni ham bir-biriga payvand qilsa bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: