Bugun mamlakatimizning agrar sohada erishayotgan yutuqlarida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ularda olib borilayotgan ishlarning ham o‘z o‘rni bor. Xususan, Qashqadaryo viloyatida joylashgan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida bugun nafaqat voha hududi, balki respublikamizdagi agrar soha vakillari uchun muhim bo‘lgan ilmiy ishlanmalar, soha rivojiga hissa qo‘shadigan zarur tavsiyalar berib borilmoqda. Shuningdek, ushbu ilmiy-tadqiqot institutida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan, kasalliklarga va zararkunandalarga chidamli raqobatbardoshli yangi navlarni yaratish, almashlab ekish tizimini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotda sinab ko‘rish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda mintaqalarning tabiiy-iqlim sharoitlariga javob beradigan xorijiy va mahalliy navlarni tanlab olish va joylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari qizg‘in ish jarayonida. Jumladan, viloyatdagi agroklasterlar, fermer xo‘jaliklaridan g‘o‘za ekinlarini kimyoviy o‘g‘itlash, ularni qanday amalga oshirish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.
Maʼlumki, g‘o‘za ekiladigan maydonlarda tuproqni ekishdan oldin fosforli va azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish maqsadida “Ammofos” kimyoviy o‘g‘iti qo‘llaniladi. Ammofos (NH4 H2 PO4) — fosfat kislota tarkibidagi bitta vodorod o‘rnini NH4 olishidan hosil bo‘ladi, tarkibidagi ionlar (ammoniy va fosfat) o‘simliklar tomonidan barcha tuproq tiplarida oson o‘zlashtiriladigan kimyoviy o‘g‘it hisoblanadi.
Hozirda viloyatdagi agroklaster va fermer xo‘jaliklarida 3 xil fosforli o‘g‘itdan foydalanilmoqda: Rossiya, Qozog‘iston va o‘zimizning mahalliy ishlab chiqarilgan “ammofos” o‘g‘iti.
Rossiyadan keltirilgan “ammofos” o‘g‘itining tarkibida 54 foizgacha fosfor mavjud. Qozog‘istondan olib kelingan ammofos tarkibida esa 48 foizgacha fosfor borligi maʼlum. Mamlakatimizda ishlab chiqilgan ammofos tarkibida 45-46 foizgacha fosfor aniqlandi. Ammo aynan agroklaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan ushbu ilmiy-tadqiqot instituti xodimlariga bo‘layotgan murojaatlarda soxta ammofoslar haqida so‘z boradi. Murojaatlarda ularga sotilgan ammofoslar soxta va buni laboratoriya tahlillarida aniqlash lozimligi taʼkidlangan.
Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasida ushbu murojaatlar yuzasidan tahlil ishlari o‘tkazildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, soxta ammofoslar tarkibida atigi 15-17 foiz fosfor borligi aniqlandi. Eʼtiborlisi, ushbu soxta ammofos o‘g‘iti ham agroklasterlarga haqiqiylaridagi kabi narxda sotilmoqda. Ammo u haqiqiysiga qaraganda sifatsiz va taʼsiri ham shunga yarasha kamroq. Shuningdek, soxta ammofos haqiqiysiga qaraganda qo‘lda ushlaganda tez parchalanib ketishi hamda uni laboratoriya tahlil natijalarida kuydirib ko‘rilganda uning granulalik holati saqlanib qolayotgani bilan ajralib turadi. Haqiqiy ammofos esa, kuydirilganda emulsiya holatida parchalanib ketadi. Shu bois ham ilmiy-tadqiqot instituti olimlari agroklaster rahbarlari va fermer xo‘jaliklariga bunday soxta ammofoslarni sotib olishdan ehtiyot bo‘lishlari va undan foydalanmasliklarini tavsiya etishmoqda.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan qishloq xo‘jaligida nafaqat kimyoviy, balki organik o‘g‘itlarni qo‘llash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, lalmi maydonlarda organik mahsulot yetishtirish hamda ularning o‘sishini, hosildorligini oshirish uchun biologik jihatdan toza vositalar-o‘g‘itlar yaratish ustida ishlar olib borilmoqda. Ushbu vositalar tarkibida hech qanday og‘ir metallar, radioaktiv elementlar mavjud emasligi bilan ham afzallikka ega.
Kimyoviy va organik o‘g‘itlarning tahlili va bu borada Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instutiti mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida videolavhamizda tanishing.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: