Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan yurtimizda Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar va ilmiy tadqiqot institutlarida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘zlangan maqsad yagona. U ham bo‘lsa mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish orqali yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ko‘kalamzorlashtirish va ekologik holatni yaxshilash. Bu yil bahorning ilk kunlaridan vazirlik huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutida ham “Onalar bog‘i” bunyod etildi.
Faxriddin Rasulov Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti ilmiy kotibi: “Onalar bog‘i”ni institutimizning yetakchi olima ayollaridan biri bo‘lgan Yekaterina Lyan nomi bilan bog‘ladik. U o‘z mehnat faoliyati davomida aynan sabzavot seleksiyasi, urug‘chiligi bo‘yicha o‘zining ko‘plab ilmiy ishlari bilan soha rivojlanishiga hissa qo‘shgan olimlarimizdan biri. Bundan tashqari yurt ravnaqi uchun hissa qo‘shadigan farzandlarni ham tarbiyalab voyaga yetkazgan. Shu sababli u Onalar bog‘ining bir timsoli bo‘ldi.
Darhaqiqat, olima Yekaterina Lyan tomonidan yaratilgan nav va duragaylar respublikamizning dehqonchilik xo‘jaliklarida keng foydalanilmoqda. Quvonarlisi, xorijiy davlatlar Qozog‘iston Respublikasi, Rossiyaning Qrim, Novgorod shaharlarida hamda Primorskoe, Petropavlovsk, Kamchatka o‘lkalarida ham yetishtirilmoqda.
Yekaterina Lyan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishdan tashqari, himoyalangan maydonlarda yetishtirilayotgan sabzavot ekinlarining hosildorligini oshirish, kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida O‘zbekistonda tanilgan olimalarimizdan biridir. U pomidorning gulqand, abamariya, subhidam, sayxun, cheremarvarid, turon kabi o‘ndan ortiq navlarning muallifi va hammuallifidir. Aynan institut hududida tashkil etilgan Onalar bog‘i esa mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojiga, xususan, sabzavot ekinlarining yangi navlarini yaratishga o‘z hissasini qo‘shgan olima ayollarimizni yosh avlodga eslatib turish, ularga motivatsiya berish bilan birga yurtimizdagi yashil maydonlarning oshishi va atrof-muhit ozodaligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: