Fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi rivojida asosiy tayanch hisoblanadi. Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Jasurbek Xolmuhammedov” fermer xo‘jaligi bunga yaqqol misoldir. Mazkur xo‘jalik naslli chorva mollarini ko‘paytirish, chorva ozuqa ekinlarini yetishtirish, sutni qayta ishlash, asalarichilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi sanaladi.
Ayni paytda xo‘jalikda jami 186 bosh qoramol, 980 bosh qo‘y-echkilar boqilmoqda, 150 ta qutida asalari parvarishlanmoqda. Avstriyadan 30 bosh simmental zotli sigirlar olib kelingan. Fermer xo‘jaligining 99,5 gektar ekin maydonida chorva ozuqasi uchun beda va makkajo‘xori yetishtiriladi.
Tajribali fermer Murtozaqul Bo‘tayev tomonidan xo‘jalik tarmoqlarini kengaytirish, yetishtirilayotgan mahsulotlarni qayta ishlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. 2022-yilda fermer xo‘jaligiga 203 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga Turkiyadan sutni qayta ishlovchi zamonaviy uskunalar keltirildi. Shundan so‘ng “Dos Milk” brendi ostida sutni qayta ishlash korxonasi ishga tushirildi. Korxonada bir kunda 4 tonna sut qayta ishlanib, Jizzax va Sirdaryo viloyati tumanlariga 12 turdagi sut mahsulotlari yetkazib berilmoqda. 8 nafar kishining ish bilan doimiy bandligi taʼminlangan. Fermer xo‘jaligi rahbari bu bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Uning kelajakdagi rejalari bisyor. Yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda yana bir qancha loyihalarni amalga oshirish harakatida. Bugun qulay imkoniyatlardan samarali foydalangan insonlar Murtozaqul Bo‘tayev kabi o‘z biznesini rivojlantirish orqali yurtdoshlarimiz uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib ko‘pning duosini olmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: