Xabar berganimizdek, davlatimiz rahbari hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Surxondaryoda bo‘ldi.
Ushbu tashrif dasturiga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Termiz tumani “Kattaqum” mahallasidagi “Surxon oltin mevasi” MChJ faoliyati bilan tanishdi. Tanishuv davomida Aziz Voitov ulkan hududda joylashgan bog‘ning tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, zamonaviy muzlatkich omborxonasi hamda bu yerda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Faxriddin To‘xtaboev rahbarlik qilayotgan “Surxon oltin mevasi” MChJ ayni paytda hududidagi 52 gektar maydonda yarim pakana intensiv bog‘lar, 92 gektar yerda olxo‘ri hamda 146 gektarida uzum plantatsiyasini barpo etgan. Tadbirkor mo‘l hosil, eksportbop meva yetishtirishning hadisini olgan. Bu yerda barpo etilgan bog‘da tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Shuningdek, mevalarni a’lo sifatda va uzoq muddatli saqlash uchun muzlatkich omborxonasi ishga tushirilgan.
Ma’lumki Surxon vohasiga bahor erta keladi. Ayni kunlarda vohaning qir-adirlariga yashil gilam to‘shalgan misol. Mevali daraxtlar birin ketin gullab, hosil tugishni boshlagan. Ayni yerda ham o‘rik daraxtlari ilk mevalarini tugganini ko‘rish mumkin. Bu esa hosil erta pishib, yurt ma’murligi uchun dasturxonlarga tortiq qilinishidan darak. Eksportga yo‘llanib, moddiy manfaatdorlik oshadi. Bu tadbirkorni har ishni avvaldan belgilangan reja asosida ish yuritayotganidan darak. Har kurtakdagi g‘ujanak hosillarni ko‘rib ko‘z quvnaydi. Dovuchchasining mazasi hozirdan og‘izda qoladi. Endi uning yetilgan mevasi ta’mini so‘rayvering. Bu kabi tashabbuslar Surxondaryoda bisyor. Mirishkorlar avvalgidek, dehqonlari kechagidek, tadbirkorlar bugunning o‘zinigina o‘ylab yashashmayapti. O‘zgarishlar niyat va tafakkurga qarab ilgari qadam bosayotir. Maqsad faqat meva yetishtirish emas. Uni bozorini topish, qo‘shimcha qiymat zanjirini paydo qiluvchi mahsulot ishlab chiqarish, odamlarni doimiy ish bilan ta’minlash. Faqat shu emas. Oldinda O‘zbekiston milliy mahsuloti brendini xorijda targ‘ib qilish. Bu ham tadbirkorlarning maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Tanishuv davomida tadbirkor Faxriddin To‘xtaboyev bugun yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tadbirkorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanayotgani, bu jarayonda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham kamarbasta bo‘layotganini e’tirof etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: