Unumdor va zararlanmagan tuproq mo‘l hosil garovidir. Tuproqning bunday sifatlarga ega bo‘lishi esa, ko‘pgina jarayonlarga bog‘liq. Bugun nafaqat yurtimizda, balki dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tuproqshunos olimlarning oldidagi dolzarb muammolardan biri bo‘lgan yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tuproq unumdorligini saqlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Respublikamizda mavjud 44,9 million gektar yerlarning bor-yo‘g‘i 4,3 million gektari, ya’ni qariyb 10 foizi sug‘oriladigan yerlardan iborat. Ushbu yerlarning 2 million gektarga yaqini yoki 45 foizi ikkilamchi sho‘rlanishga uchragan. Yoki, 800 ming gektar yerlarimizda suv eroziyasi muammolari uchraydi. Salkam 2 million gektardan ortiq maydonda shamol eroziyasi mavjud.
Ushbu muammolar esa tabiiyki, tuproqning gumussizlanishiga olib kelmoqda. Afsuski, bugun mamlakatimizdagi sug‘oriladigan yerlarning 50 foizdan ko‘prog‘ida tuproqdagi gumus miqdorining kamayishi kuzatilmoqda. Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan degradatsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar majmuasi tayyorlandi. Unda tuproqlarning gumussizlanishini oldini olish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar va zaruriy tavsiyalar batafsil ko‘rsatib berilgan.
Yo‘l xaritasiga ko‘ra, ilg‘or ishlanmalar, texnologiyalar, yangi turdagi organik o‘g‘itlar va xalqaro maydonda qo‘llanilayotgan yangi va zamonaviy texnikalarni hamda ekish kabi texnologik ishlanmalarni keng joriy etish, dala seminarlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida yangi, ilmiy asoslangan almashlab ekishlarni joriy etish, ildiz, ang‘iz qoldiqlarini tuproqda ko‘proq qoldirish, qo‘llanilayotgan mineral o‘g‘itlarning o‘zaro nisbatini saqlab qolish orqali bevosita tuproqdagi gumus miqdorini saqlash va oshirib borish mumkinligi qayd etilgan.
Hozirda institut olim va mutaxassislari tomonidan tuproq sifatini qiyosiy baholash, ularni mineral o‘g‘itga bo‘lgan talabini va uning tarkibidagi ozuqa elementlarini aniqlash, sho‘rlanishga moyilligi bo‘lgan yerlarning xaritagrammalarini tuzish va ilmiy va ishlab chiqarishga joriy etiladigan tavsiyalar va takliflar taqdim etish ishlari amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu maʼlumotlarning yer egasiga yetib borgunga qadar shaffofligini taʼminlash maqsad qilingan.
E’tiborlisi, bu borada raqamlashtirish tizimining faoliyati ham mustahkamlanmoqda. Tuproqlar bo‘yicha hududlardan olingan maʼlumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligidagi raqamlashtirish bazasi — Geoportalga joylashtirilmoqda va interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan respublikamizda organik o‘g‘it o‘rnini bosuvchi yangi turdagi organo-mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqish va ularni tuproq iqlim sharoitiga ko‘ra, qo‘llash meʼyorlarini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Tuproq tarkibidagi ozuqa elementlari: gumus, fosfor, kaliy miqdorlari umumqabul qilingan metodikalar asosida baholanadi. Tuproqda qanday moddalar yetarli-yu, qaysilari yetishmasligi haqidagi maʼlumotlar kartogrammaga kiritiladi va shunga asosan o‘sha joylarda zarur chora-tadbirlar o‘tkaziladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: