O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida boshoqli don ekinlarining 60 ta navi yaratilgan bo‘lib, shundan 55 tasi kuzgi yumshoq bug‘doy va 5 tasi kuzgi qattiq bug‘doy navlaridir. Respublikamizning bug‘doy maydonlariga ekish uchun kuzgi yumshoq bug‘doyning 28 ta, kuzgi qattiq bug‘doyning 3 ta navlari davlat reestriga kiritilgan.
Institutda arpaning 700 dan ortiq, tretikalening 200 dan ortiq, bahorgi bug‘doyning 100 dan ortiq namunalari to‘planib, ularni o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Tritikale – bug‘doy javdar duragayi – ikki xil o‘simlik xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan g‘alla ekini. Institutda tritikalening “Tixon”, “Svat”, “Yarillo”, “TIT”, “Sergiy”, “Xleborob”, “Kunak” navlari hamda mahalliy sharoitda “To‘yimli” navi yaratilib, davlat reestriga istiqbolli navlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Polba – don ekini iqlim sharoitimizda yangi hisoblanib, Rossiya Federatsiyasining Krasnodar Milliy don markazidan olib kelingan. U inson immunitetini mustahkamlovchi, oqsilga boy o‘simlik hisoblanadi. Institutda o‘simlik donining tarkibi, urug‘chiligi, yetishtirish agrotexnologiyasi, kasalliklarga chidamliligi o‘rganilmoqda.
Dukkakli don ekinlari
Xo‘raki no‘xat – global iqlim o‘zgarishlariga mos, seroqsil, serhosil “Polvon”, “Zumrad”, “Marjon” navlari yaratilib, davlat reyestriga kiritilgan. Respublikamizning barcha hududlarida ekishga ruxsat etilgan.
Yasmiq – institutda o‘simlikning dunyo genofondidan ajratib olingan 80 ta kolleksiya namunalari mavjud. Ilmiy izlanishlar natijasida qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunanda hasharotlarga chidamli “Darmon”, “Sarbon”, “Sadaf” yangi navlari respublikamiz hududida ekish uchun davlat reestriga kiritilgan.
Ko‘k no‘xat – o‘simlikning 12 ta nav va namunalari mavjud bo‘lib, ularning ustida tajribalar olib borilmoqda. Ilmiy izlanishlar natijasida “Osiyo-2001” hamda “Shirin” navlari yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun Davlat reestriga kiritilgan.
Mosh – o‘simlik bo‘yicha bir necha ilmiy tajribalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, takroriy ekin sifatida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga ekish uchun moshning “Navro‘z” nomli yangi navi yaratilgan bo‘lib, o‘rtacha hosildorligi 20-25 sentnerga teng bo‘lmoqda. Mosh tuproq unumdorligini oshirishda o‘ziga xos ahamiyatga ega. Yaʼni u tabiiy shakllangan tuganaklar va bakteriyalar holatida o‘zidan keyingi ekiladigan ekinlar uchun bir qancha azot miqdorini to‘plashga yordam beradi.
Moyli ekinlar
Kungaboqar – institut olimlari tomonidan o‘simlikning “Umnik”, “Buzuluk” navlari va “Elion”, “Epsilon”, “Grandes”, “Svetlana” duragaylari yaratilib, davlat reestriga kiritilgan.
Soya – Institutda o‘simlikning dunyo kolleksiyadan to‘plangan 250 dan ortiq navdan iborat namunalari mavjud. Institut olimlari tomonidan ularning tuproq iqlim sharoitiga moslashuvchanligi o‘rganilib kelinmoqda. Ko‘p yillik izlanishlar natijasida o‘simlikning 10 dan ortiq yangi navlari yaratilgan. Mahalliy “To‘maris”, “Oyjamol”, “Ustoz”, “Baraka”, “Hosildor”, “Gavhar”, xorijiy “Arleta”, “Selekta-302”, “Vilana”, “Slaviya”, “Chara” va boshqa navlaridan yuqori hosil olib kelinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: