Qora sedana – bu nafaqat tibbiyotda keng qo‘llaniladigan, balki kosmetika sanoatida ham beqiyos bo‘lgan rezavordir. Inson salomatligi uchun darmondoriga boy qora sedana yog‘i mikroblarni yo‘q qilishi aniqlangan va tibbiyotda keng qo‘llanib kelinmoqda. Jigar, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklarda tengsiz deya baholanayotgan qora sedana yurtimizning ko‘plab hududlarida yetishtirilsa-da, biroq uni organik usulda yetishtirish borasidagi ishlarga endi qo‘l urilmoqda.
Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi va “Crop production organic Ltd” kompaniyasi ilk pilot loyihaga qo‘l urdi.
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida bir necha yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qarovsiz 20 gektar yer maydoni tanlab olindi. Dastlab bu yerga qo‘l mehnati va zamonaviy texnika yordamida ishlov berildi. Unumdor nam tuproq pestitsid va kimyoviy ishlovsiz ekish uchun tayyor holatga keltirildi. Jahon standartlari asosida tayyor yerga 300 kilogramm organik qora sedana urug‘i ekildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, yurtimizda yetishtirilayotgan 34 ta mahsulotga “Organic” sertifikati olingan. Qora sedana ekish uchun ham ushbu sertifikat olingan.
– Qishloq xo‘jaligi vazirligi xususiy sektor bilan hamkorlikda amaliy ishlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu bo‘yicha amaliyotda organik mahsulotlar yetishtirishda nimalarga e’tibor berish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mana shu maqsadda xusussiy tadbirkorlar bilan Sirdaryo viloyatida yer tanlanib, qora sedana yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jumanov. – Nega sedana, chunki jahon va Yevropa bozori o‘rganilganda organik sedanaga talab katta ekanligi ayon bo‘ldi. Inson salomatligi uchun vitaminlar manbai bo‘lgan yog‘ olish, dorivor vositalar va kosmetologiyada keng qo‘llanilgani uchun bozori ancha ilgarilaganini inobatga olib O‘zbekistonda ham uni yetishtirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘ydik. Avvalo yer tanlashda normativ hujjatlar va jahon standartlarida belgilangan mezonlar bo‘yicha yer tanlab oldik. Kunlar isiy boshladi. Bunda qo‘l mehnati va mexanik usulda hech qanday zararli moddalardan foydalanmasdan yer tayyor holga keltirildi. Bu jarayonda eng avvalo maxsus sertifikatga ega qora sedana urug‘i tanlab olindi. Ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va xususiy sektor bilan hamkorilikda organik sedana yetishtirish, ishlov berish, yig‘ib-terib olish va shu bilan birga eksportga yo‘naltirish borasida amaliy yordam berishni oldimizga maqsad qilib olganmiz. Shuningdek, yurtimizdagi barcha fermer xo‘jaliklarida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha seminarlar olib borish, ularga ekishdan tortib uni eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan jarayonni turli mediamahsulotlar orqali yetkazish, maxsus qo‘llanmalar ham yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Xo‘sh, oddiy qora sedana bilan organik usulda yetishtirilganining farqi nimada. Eng avvalo, zararli kimyoviy moddalar, pestitsidlar va me’yoridan ortiq mineral o‘g‘itlardan holi bo‘lgan yer tanlab olinib shu yerga “Organic” sertifikatini olgan urug‘ qadaladi. Uni parvarishlash va yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayon esa “sog‘lom muhit”da amalga oshiriladi. Tayyor bo‘lgan organik qora sedana esa nafaqat foydaliligi, balki eksportbopligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning e’tiroficha, ushbu noyob organik qora sedana Yevropa bozorlarida talabgir va uning narxi juda yuqoridir.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, ushbu loyiha dastlab Sirdaryoda boshlangan bo‘lsa, yaqin kelajakda butun yurtimiz bo‘ylab amalga oshiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: