Bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Aziz Voitov Birlashgan Arab Amirligining “MASDAR” kompaniyasi strategik tashabbuslar hamda brending masalalari bo‘yicha ijrochi direktori Lamiya Navaf Favvoz boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Ma’lumki, mazkur kompaniya bugun O‘zbekiston bilan energetika va muqobil energetika yo‘nalishida yaxshi hamkorlik aloqalariga ega. Uning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi ham salmoqli. Bugun kompaniya dunyo bo‘yicha mazkur yo‘nalishda muvaffaqiyatli investitsion siyosatni amalga oshirib kelayotgani ham bor gap.
Shu bilan birga, kompaniya o‘zining rivojlanish strategiyasiga muvofiq ko‘plab yo‘nalishlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga ham bosh-qosh. Shulardan biri “MASDAR”ning “Barqarorlik platformasi” loyihasidir. Ushbu loyiha yoshlar va xotin-qizlarning yangi ishlanmalari, g‘oya va tashabbuslarini bir yerga jamlash hamda rag‘bat ko‘rsatishga qaratilgan.
Bugungi yig‘ilishda Lamiya Navaf ushbu platforma ko‘plab mamlakatlarning g‘oya va tashabbusga ega yoshlarini birlashtira olayotgani, galda O‘zbekiston xotin-qizlari, yoshlarini mazkur platformada ishtirok etishga taklif qilish tashabbusi bilan kelganini ta’kidladi. Lamiya xonim, o‘z navbatida platformaning Abu-Dabi haftaligi mavjudligi, ushbu haftalik doirasida murojaatchilarning eng sara loyihalari tanlab olinishini e’tirof qildi. O‘z navbatida bu yoshlar soha va tarmoqlarga o‘zgarish kirita oladigan ishlanmalarini yuborishlari orqali, o‘zlarini namoyon qilishlari, tengdoshlari bilan amaliy fikrlay olish imkonini berishi mumkinligini qayd qildi.
Ma’lumot o‘rnida: Loyihaning umumiy jamg‘armasi 3 million dollardan iborat bo‘lgan Barqarorlik mukofoti mavjud bo‘lib, u ikkita nominatsiyada beriladi. O‘z navbatida nominatsiyalar 5 ta yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab oladi. Bular muqobil energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, suv tejash uslublari, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlaridan iborat.
Yuborilgan ishlar asosan 3ta kriteriya bo‘yicha baholanadi. Tanlovda yuqori sinflarda ta’lim oluvchi maktab o‘quvchilari ham ishtirok etishi mumkin. Loyiha qishloq xo‘jaligi sohasida bo‘lsa, alohida e’tirof qilinadi.
– O‘z navbatida mazkur loyiha va unga qilinayotgan taklif ahamiyatlidir – dedi Aziz Voitov. – Asosiysi bugungi kunda O‘zbekistonda iqtidor egalari nihoyatda ko‘p. Yurtimiz yoshlar yurti. Demakki, bu boradagi tashabbusni ular ham iliq qarshi olishlari tabiiy. Qishloq va chekka go‘shalarda yashaydigan xotin-qizlar, yoshlarga mazkur loyihada ishtirok etish bo‘yicha barcha ma’lumotlar yetkaziladi. Oliy ta’lim tizimidagi iqtidor egalarini ham taklif qilishga amaliy yordam beramiz. Bu ikkala mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlashga katta xizmat ko‘rsatadi – deya so‘zini yakunladi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.
Delegatsiya a’zolari o‘z navbatida shu kunga qadar kompaniya tomonidan o‘tkazilgan tanlovdan 378 million kishi manfaat ko‘rgani va bu 106 ta loyiha natijasi ekanligini e’tirof qilishdi. Lamiya xonim O‘zbekistonda iqtidor va salohiyat egalari ko‘pligiga shubha yo‘qligi, ammo ularni kashf qilishda birgalikdagi harakatlar albatta natija berishini alohida qayd etdi. Taklif ham bejiz ayni O‘zbekistonga qilinmayotir. Chunki bu yerning yoshlariga alohida nigoh bilan qaraladi. Turli sohalarda so‘nggi yillarda erishilayotgan natija va yutuqlar, bu boradagi ishga solinmagan imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun asos ekanligi mamnuniyat ila qayd etildi.
MA’LUMOT UCHUN: “MASDAR” kompaniyasi Yurtimizda umumiy quvvati 5,39 GVt, qiymati 5,6 mlrd dollar bo‘lgan 15 ta loyihani amalga oshiradi.
Shu kungacha quvvati 200MVt, qiymati 210 mln dollar bo‘lgan 2 ta fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: