Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qarashli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda “Vaziyat markazi” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, agrosanoat majmuasidagi yo‘nalishlarda ma’lumotlarni to‘plash va saralash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Keyinchalik ular “Vaziyat markazi” platformasi ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.
Mamlakatimiz agrosanoat majmuasida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish maqsadida raqamli transformatsiya dasturlari va axborot texnologiyalari faol joriy etilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ana shunday muhim loyihalardan biri Vaziyat markazi bo‘lib, uning maqsadi ma’lumotlarni qayta ishlash va o‘z vaqtida javob berish uchun axborot-tahlil portalini yaratishdir.
Ma‘lumotlar markazga real vaqt rejimida keladi. Bu yerda ma‘lumotlarni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligining asosiy ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish va nazorat ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, Markaz bazasida to‘plangan ma‘lumotlar tufayli prognozlar va xavf-xatarlardan chetga chiqish holatlarida tezkor javob berishni tashkil etish, yuzaga kelgan muammolarga yechim izlash mumkin bo‘ladi.
Bugun loyihani amalga oshirishning muhim bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining raqamli transformatsiya bo‘yicha maslahatchisi Sergey Miroshnichenko, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmuini raqamlashtirish markazi direktori Saidagzam Alimov, Statistik tahlil boshqarmasi boshlig‘i Nodir Sadriddinov, shuningdek, loyiha menejerlari ish bosqichlari va mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha Vaziyat markazi platformasi uchun kerak bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha batafsil aytib berishdi. Shuningdek, statistik hisobotlar bazasi o‘rganib chiqildi.
Sergey Miroshnichenko, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining raqamli transformatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi:
– Bugun “Vaziyat markazi” loyihasini amalga oshirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qarashli O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar vakillarini yig‘dik. Biz tahliliy ma‘lumotlar bazasiga o‘tkazish uchun ulardan barcha tegishli ma‘lumotlarni to‘plashni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu ma‘lumotlar Markazga yuboriladi va maxsus platformada aks ettiriladi.
Bugun biz ijrochilar bilan ularning vazifalari, ma‘lumot to‘plash va tizimlashtirish ishlari qanday tashkil etilishi haqida suhbatlashdik. Biz loyihani qisqa muddatda amalga oshirishimiz va aniq natijalarga erishishimiz kerak. Men barcha ishchi guruhlari hamda ish bosqichlarida qatnashib jarayonni nazorat qilaman. Loyihani amalga oshirishda xalqaro ekspertlar va mutaxassislarni ham jalb qilamiz.
“Vaziyat markazi” loyihasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati nazoratida ishlaydigan professional jamoa tomonidan ishlab chiqilmoqda. Loyihani yakunlash joriy yilning avgust oyi oxiriga rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: