Bizga ma’lumki, bobomiz Abu Ali ibn Sino tibbiyotda dorivor o‘simliklardan foydalanish samaradorligini, kasalliklarning turiga qarab insonlarni davolashda qanday o‘simliklarni qay holatda qo‘llash kerakligini isbotlagan.
Hozirgi kunda dunyo davlatlarida 12 ming turdagi dorivor o‘simliklarning mingdan ortig‘i, mamlakatimizda esa 1,2 ming turdagi dorivor o‘simliklarning 112 tasi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan, shundan 70 ta turi farmatsevtika sanoatida ishlatiladi.
Respublikamizda so‘nggi yillarda dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish va ularni qayta ishlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi “Dorivor o‘simliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-139-son Farmoni dorivor o‘simliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, sohadagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish imkonini bermoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 maydagi “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-251-son qarori ham qabul qilindi.
Mazkur farmon va qaror ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtirish hajmi jami 17,3 ming gektarga, jumladan asosiy maydonlarda 4,2 ming gektar va lalmi maydonlarda 13,1 ming gektarga yetkazildi hamda 19,1 ming tonna xom ashyo tayyorlandi. 2022 yilda klasterlar soni 16 taga hamda dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari soni jami 235 taga yetkazildi.
2023 yil hosili uchun jami 17,7 ming gektar maydonlarda dorivor o‘simliklar ekilishi rejalashtirilgan.
Ushbu maydonlardan jami 20 ming tonna dorivor o‘simliklar, jumladan 16 ming tonna qizilmiya, 700 tonna kovrak, 1,3 ming tonna kovul va 600 tonna na’matak hamda 1,4 ming tonna boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish prognoz qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: