O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida g‘o‘za qator oralariga va ochiq maydonlarga don ekadigan kombinatsiyalashgan agregat ishlab chiqildi.
Kombinatsiyalashgan agregat ikki qismdan, yaʼni tuproqqa ishlov beruvchi oldingi va don ekuvchi ortki qismlardan iborat.
Ushbu agregat orqali bir yo‘la g‘o‘za qator oralaridagi tuproqqa ishlov beriladi, sug‘orish egatlari ochiladi va don qatorlab bir xil chuqurlikda ekiladi. Ochiq maydonlarda esa, agregat sug‘orish egatlarini ochib, egatlar bo‘ylab donni qatorlab ekadi.
Respublikamizda kuzgi boshoqli donning 70 foizidan ortig‘i g‘o‘za qator oralariga, qolgan qismi esa ochiq maydonlarga ekiladi. Hozirda dehqon va fermer xo‘jaliklarining aksariyatida g‘o‘za qator oralariga don ekishda mineral o‘g‘itlarni sochishga mo‘ljallangan sepkichlar, paxtachilik kultivatorlaridan foydalaniladi. Bunda urug‘lar sepilayotganda turli tomonga sochilib ketadi va bir tekisda unmaydi. Bu esa ortiqcha sarf-xarajatga, vaqtning behuda ketishiga va donning nobud bo‘lishiga olib keladi. Yangi ishlab chiqarilgan agregat esa gektariga 80-300 kilogramm donni ekishga mo‘ljallangan bo‘lib, ekilgan don bir tekisda unadi.
Videolavhamizda ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan kombinatsiyalashgan agregatning tuzilishi va afzalliklari haqida batafsil hikoya qilinadi.
Agregatning tuzilishi: Uning oldingi qismi mavjud KXU-4 kultivatori asosida ishlab chiqilgan. Maxsus tayyorlangan markaziy rama traktorning g‘ildiragi oldiga o‘rnatiladi. G‘o‘za qator oralarida ishlaganda tuproqqa ishlov berish uchun kultivator jamlanmasidagi ishchi organlar, jumladan, yumshatuvchi va universal o‘qyoysimon panjalar to‘plamidan foydalaniladi. Qator oralaridagi tuproq traktor g‘ildiraklari va seyalkaning tayanch-uzatmali g‘ildiraklari tomonidan qo‘shimcha ezilib, yaxshi maydalangan tuproq hosil bo‘lishiga erishiladi.
Agregatning ortki ekish qismi traktorning orqa osish mexanizmiga avtossepka yordamida osiladi. U rama, unga o‘rnatilgan ikkita urug‘ bunkeri, g‘altakli miqdorlagichlar, yuritma mexanizmi va tayanch-uzatmali g‘ildiraklar hamda ekish seksiyalaridan tashkil topgan. Ekish seksiyalari o‘z navbatida ramaga pasaytirgichlar orqali mahkamlangan parallelogramm mexanizmlar, ko‘ndalang bruslar va ularga uzuna tortqilar yordamida sharnirli ulangan bir diskli ekkichlardan tashkil topgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: