Shu kunlarda Samarqandda “AGROPRO EXPO – 2023” xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda, unda ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini namoyish etmoqdalar, shuningdek, O‘zbekiston, Pokiston, Ukraina, Belarus va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirokida panel sessiyalari o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmada 100 dan ortiq ishtirokchilar jumladan, klasterlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, vazirlik va idoralar, shuningdek, hududiy boshqarmalar vakillari o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqdi:
– Ko‘rgazma formati nafaqat ixtisoslashtirilgan qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, maxsus texnika va innovatsiyalar namoyishini o‘z ichiga oladi, balki bu yer hamkorlikdan manfaatdor tomonlar shartnoma va bitimlar tuzishi mumkin bo‘lgan maydondir. Forum, B2B uchrashuvlari, panel sessiyalari bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma tashkilotchilari va ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Ko‘rgazma zali va ochiq maydonda turli yo‘nalishdagi (traktorlar, kombaynlar, yuk ko‘taruvchilar, yuk mashinalari, tirkamalar, agregatlar, ehtiyot qismlar, sug‘orish tizimlari, issiqxona uskunalari) qishloq xo‘jaligi texnikalari, shuningdek, chigit, ko‘chatlar, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, paxta iplari, oziq-ovqat mahsulotlari namoyishi o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, ishtirokchilar tomonidan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga qaratilgan innovatsion ishlanmalar taqdim etildi.
Ko‘rgazma 23-fevralgacha davom etadi, kirish bepul.
Farhod Karimov, qishloq xo‘jaligi texnikasi ko‘rgazmasi ishtirokchisi:
– Ushbu ko‘rgazmada mini traktorlarni taklif etayapmiz. Biz ikki yildan beri ishtirok etmoqdamiz. Bu yil, nazarimda, mahsulotlarimizga qiziqish bildirayotganlar ko‘proq. Bizga fermer va klaster rahbarlari murojaat qilmoqda, ular qishloq xo‘jaligi texnikasining parametrlari haqida ko‘nikmaga egaligi, o‘ziga nima kerakligini bilishi sezilmoqda. O‘ylaymizki, bu yerda shartnomalar tuzamiz, yangi hamkorlar topamiz.
AGROPRO EXPO – 2023 doirasida 21-22-fevral kunlari qishloq xoʻjaligi va iqtisodiy mavzularga bagʻishlangan panel sessiyalarini o‘z ichiga olgan forum boʻlib oʻtdi. Unda ma’ruzachilar o‘z taqdimotlarini o‘tkazdilar va tinglovchilarning savollariga javob berdilar.
Feruz Abilov, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari:
– Panel sessiyadagi ma’ruzam davomida yerdan unumli foydalanish zarurligini, bu esa oziq-ovqat xavfsizligiga yanada ta’sir etishini ta’kidladim. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi muammolarini hal etishda innovatsion yondashuvlardan faol foydalanish, suvni tejovchi vositalardan ko‘proq foydalanish, shuningdek, o‘zlashtirilmagan yerlarni o‘zlashtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish zarur.
Panel sessiyalarda ekspertlar quyidagi mavzularni ko‘tardilar: O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish salohiyati; O‘zbekiston Respublikasi agrosanoat majmuasining yangi imkoniyatlari va avtomatlashtirish; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish; ishlab chiqarish texnologiyalari; agrologistika; moliyalashtirish va investitsiya; issiqxona xo‘jaliklari; elektron tijorat; qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi; organika va boshqalar.
Bahodir Yunusov, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i:
– Ko‘rgazmada xizmat yoki mahsulotlarini namoyish etayotgan har bir stendda tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilmoqda. Bu yaxshi natija bunday tadbirlarni amalga oshirish kerakligini ko‘rsatadi. Panel sessiyadagi nutqimda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yiliga 23 million tonnadan ortiq turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilayotganini ta’kidladim. Meva-sabzavotlarni o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish, ularni qayta ishlash va eksport qilish hajmini oshirish zarur. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moslashtirilgan maxsus muzlatgichlar sonini ko‘paytirish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha doimiy ishlarni olib borish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z ketganda, O‘zbekistonda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor qaratish lozim.
Sessiyalarda tinglovchilar, jumladan, klasterlar, fermer xo‘jaliklari, quyi tashkilotlar vakillari, blogerlar, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Keyinroq B2B formatida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar o‘zaro fikr almashishdi va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdi.
Tadbirning ushbu formati ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish uchun yaxshi platforma, shuningdek, o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishingiz mumkin bo‘lgan joydir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: