Ijtimoiy tarmoqda “Xalq-orasida.uz agentligi” kanali orqali Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi haqida tarqatilgan xabar yuzasidan vazirlik munosabat bildiradi.
O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonunlarga muvofiq har kim tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, tarqatishi lozimligi belgilangan.
Aytib o‘tish joizki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi fuqarolarning murojaatlari, shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqotga har doim tayyor.
Lekin shunday bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi ma’lumotlar oxirigacha o‘rganib chiqilmasdan, bir yoqlama yondoshuv asosida, ba’zi guruhlarning manfaatlarini aks ettirgan holda keng ommaga taqdim etish holatlari uchramoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarmoqda tarqatilgan videomurojaatni atroflicha va xolis o‘rganib chiqqan holda, quyidagilarni ma’lum qiladi:
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13- maydagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi o‘simliklari turlarining milliy genbankini yaratish to‘g‘risida”gi 282-son hamda 2021-yil 27-martdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 158-son Qarorlari qabul qilingan. Davlat rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash xizmatlari tizimini isloh qilish maqsadida Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi tashkil etilib, unga bir qancha vazifalar yuklatilgan.
Mazkur qonunchilik hujjatlariga muvofiq markaz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sohaga yuqori malakali kadrlar jalb qilinib, qarorlarning ijrosi yuzasidan markazda bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Video muallifi Qishloq xo‘jaligi vaziriga bildirgan murojaatida, markaz direktori, o‘rinbosari, kadrlarni o‘rniga qo‘yish siyosati yuzasidan asossiz fikrlarni bildirgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirining 2022-yil 26-dekabrdagi 144-n sonli buyrug‘iga asosan O.Matyaqubov Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi direktori v.b lavozimiga tayinlangan. Sobiq rahbar Sh. Nurmatov bilan o‘z arizasiga binoan 2022-yil 30-noyabrda mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Videoda markaz direktori o‘rinbosari M.Murtalibovga nisbatan ham asossiz fikrlar bildirib o‘tilgan. Markaz direktoriga ko‘rsatmalar berish, shuningdek, markaz xodimlarini turli lavozimlarga tayinlash, lavozimdan olish kabi huquqlar Markaz direktori o‘rinbosarida mavjud emas.
Shuningdek, videoda markaz direktori hamda o‘rinbosariga nisbatan video muallifi tomonidan haqoratli, tuhmat gaplar ham aytib o‘tilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga asosan bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanganligini ma’lum qilamiz.
Oxirgi yillarda Prezidentimiz tomonidan, iqtidorli, salohiyatli yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, rahbar lavozimlariga tayinlash vazifalari ilgari surilmoqda.
Shu ma’noda markazga ham kadrlar siyosatiga asosan yosh malakali mutaxassislar jalb qilinmoqda.
Video muallifining gapiga ko‘ra, H.Ma’rufov Direktor O.Matyaqubov tomonidan tanish-bilishchilik asosida tayinlangan, xohlaganini ishga oladi, qo‘yadi kabi vajlar keltirilgan.
Aslida o‘rganish natijasiga ko‘ra, H.Ma’rufov Markaz direktorining 2019-yil 29-oktyabrdagi 58-k-sonli buyrug‘i bilan “Don va ozuqa ekinlar” bo‘limida bosh mutaxassis lavozimiga ishga qabul qilingan. Ko‘rinib turibdiki, H.Ma’rufov Markazga 2019-yildan buyon direktor O.Matyaqubov kelgunga qadar qabul qilingan. Markaz xodimlari bilan ishlash bo‘limining boshlig‘i H. Raximovning ma’lumotiga ko‘ra, H.Ma’rufov 2019-yildan buyon “Don va ozuqa ekinlar” bo‘limida bosh mutaxassis lavozimida faoliyat yuritib, ish jarayonida o‘zining iqtidori, malakasi, bilimi bilan ajralib turganligi sababli kadrlar bo‘limi xodimi tavsiyasiga asosan vakant bo‘lib turgan “Texnik ekinlar” bo‘limi boshlig‘i lavozimiga Markaz direktorining 2023-yil 29-yanvardagi 3-k-sonli buyrug‘i bilan o‘tkazilgan.
H.Ma’rufov direktor O.Matyaqubovga hech qanday qarindoshligi mavjud emas, shundan kelib chiqib, H. Ma’rufov mazkur lavozimga O.Matyaqubovning xizmati bilan emas balki o‘z mehnati bilan erishganligi ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, muallif H.Ma’rufovning otasi vazirlikda boshqarma boshlig‘i Abdulla aka bo‘ladi degan vajni ko‘rsatgan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 79-moddasiga ko‘ra o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari ta’qiqlangan. Biroq, mazkur holatda biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunish yoki o‘zaro nazorat qilish holati yo‘qligi sababli, ushbu holatda qonunbuzilish holati yoki manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emas. Ta’kidlash kerakki, A.Mansurov Qishloq xo‘jaligi vazirligida g‘allachilik boshqarma boshlig‘i lavozimida o‘z mehnat faoliyatini olib boradi hamda Markaz faoliyatini bevosita muvofiqlashtirish mazkur boshqarmaga yuklatilmagan.
Videoning keyingi o‘rinlarida: “Xizmat mashinasi Ishtixon yo‘lida bir ayolni boshini yegani, shuningdek, xizmat mashinasi haydovchisi Z.Ergashov bosim ostida majburlangan holda xizmat safariga chiqarilgan”, degan vajlar keltirilgan.
Aslida voqea tafsilotlari guvohlar va tegishli hujjatlar asosida o‘rganilganda quyidagilar aniqlandi:
Markaz haydovchisi Z.Ergashov so‘zlariga ko‘ra, markaz direktorining 2023- yil 2-fevral 2-sonli xizmat safari buyrug‘iga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga xizmat safariga chiqilgan. Xizmat safaridan qaytishda kechasi 20:30lar atrofida Samarqand viloyati Ishtixon tumanida markazga tegishli bo‘lgan Tracker rusumli davlat raqami 01/ 387 FHA bo‘lgan yo‘nalishi bo‘yicha undan oldinda ketayotgan Nexia mashinasi ayolni urib yuborgan. Xizmat mashinasi chamasi 15-20 metrlar masofada qora narsaga ko‘zi tushganligini, bunga guvoh mashinaning ikkala yonida boshqa mashinalar ham bo‘lganligini, aslida xizmat mashinasi ayolni urib yubormaganligi, boshqa Nexia rusumidagi avtomobil ayolni mast holda urib yuborganligi ma’lum bo‘ladi. Ushbu holat tegishli tartibda Samarqand viloyati Ishtixon tumani yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan qonun doirasida o‘rganilgan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, aybi yo‘qligi tasdiqlangach, xizmat mashinasi haydovchisi Z.Ergashov qo‘yib yuborilgan.
Xizmat mashinasi haydovchisi Z.Ergashov so‘zlariga ko‘ra, u xizmat safariga o‘z ixtiyori bilan chiqqanligini ma’lum qildi. Shuningdek, mazkur buyruqda xodimning dam olish kunlarida ishlaganligi yuzasidan xodimga boshqa kunga dam olish kuni berilishi ham nazarda tutib o‘tilgan. Asos: 2023-yil 2-fevral 2-sonli buyruqning ikkinchi xatboshiga asosan: “Bayram, dam olish kunlarida xizmat safarida bo‘lgan xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasilda belgilangan tartibda qo‘shimcha dam olish kunlari (otgul) berilishi ta’minlanadi”, deb belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq xodimlarni xizmat safariga yuborishda ish beruvchi xodimning roziligini olish bilan bog‘liq normalar belgilanmagan biroq Mehnat kodeksining 228-moddasiga ko‘ra Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, videolavhada muallif Xurshid ismli Vazirlik xodimiga murojaat etganligini ham ta’kidlagan. Biroq, shuni ma’lum qilamizki, Vazirlikka taklif, shikoyat va ariza bilan og‘zaki ravishda murojaat qilish uchun vazirlikning Ishonch telefoni 71 206-70-30 raqami yoki 1243 qisqa raqami orqali yoki qonunda belgilangan tartibda yozma va elektron tartibda murojaat qilish lozim.
Videolavha yakunida aks etgan yerda yotgan shaxsning ko‘rsatilishi ushbu mavzuga aloqasi mavjud emas. Mazkur suratlarni namoyish etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad “Kuchli bosim va stressga tushgan xodim” shiorini lavhaga biriktirgan holda, voqeani bo‘rttirib ko‘rsatish hisoblanadi. Aslida ushbu holat avval Vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilgan bo‘lib, holat yuzasidan Vazirlikning asoslangan raddiyasi murojaatchiga taqdim etilgan.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, videoda aytilgan fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi hamda hissiyotga berilgan holda so‘z yuritilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi yana bir bor ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish lozimligiga chaqirib qoladi!
Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligining axborot xizmati muloqotga ochiqligini ma’lum qilib qolamiz.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: