Bugun Samarqandda “AGROPRO EXPO – 2023” Xalqaro qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.
Bu yerda 100 dan ortiq ishtirokchilar oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda. Koʻrgazmada vazirlik va idoralar, hududiy boshqarmalar vakillari, klaster, fermer xoʻjaliklari rahbarlari ham qatnashmoqda.
Koʻrgazmada turli qishloq xoʻjaligi texnikalari, agregatlar, ehtiyot qismlar, sugʻorish tizimlari, issiqxonalar uchun uskunalar, shuningdek, chigit, koʻchatlar, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, paxta tolasi, oziq-ovqat, ichimliklar va boshqa koʻplab mahsulotlarni koʻrish mumkin. Bundan tashqari, ishtirokchilar mamlakat qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishga qaratilgan innovatsion ishlanmalarni taqdim etishmoqda.
Koʻrgazma doirasida agrar soha va iqtisodiy mavzulardagi panel sessiyalarni oʻz ichiga olgan qishloq xoʻjaligi Forumi boʻlib oʻtishi ham rejalashtirilgan.
– Koʻrgazma nafaqat ixtisoslashtirilgan qishloq xoʻjaligi texnologiyalari, maxsus texnika va innovatsiyalar namoyishini oʻz ichiga olgan, balki hamkorlikdan manfaatdor tomonlar shartnoma va bitimlar tuzishi mumkin boʻlgan imkoniyat maydonidir. Bu yerda Forum, B2B uchrashuvlari, panel sessiyalari boʻlib oʻtadi. Ushbu koʻrgazma tashkilotchilari va ishtirokchilariga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Bu uch kun barchamiz uchun kutilgan natijalarga erishish yoʻlida barakali boʻlsin, – deydi Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov.
“AGROPRO EXPO-2023” koʻrgazmasining ochilishiga 600 nafardan ortiq mehmonlar tashrif buyurdi. Koʻrgazmaning ochilish marosimida yangragan musiqa sadolari hamda bolalar raqs jamoalarining chiqishlari va teatrlashtirilgan tomoshalar ishtirokchilar va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: