Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi va delegatsiya tarkibida qator vazirlik va idoralar, jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham Misrda bo‘lib turganligi haqida xabar bergan edik.
Jumladan, vazir boshchiligidagi delegatsiya Misr qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar markazi va Misr paxtachilik institutida bo‘lib, ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) hamda Misr qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda uzumning urug‘siz navlari seleksiyasini, chorvachilik, baliqchilik sohalarini rivojlantirish hamda respublikamizga dolzarb bo‘lgan qand lavlagini yetishtirish, qayta ishlash bo’yicha birgalikda tadqiqotlar o’tkazish loyihalarini amalga oshirishga kelishildi.
Misr paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining 9 ta tajriba stansiyasi mavjud bo‘lib, ularda 98 ta ingichka tolali g‘o‘za navi yaratilgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida misrlik olimlar bilan hamkorlikda ingichka tolali g‘o‘zaning kasallik va zararkunandalarga, sho‘rlanish va suv tanqisligiga hamda anomal issiq haroratga chidamli ertapishar, serhosil yangi navlarini yaratish bo‘yicha seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Shu bilan birga, Toshkent davlat agrar universiteti va Misrning Ayn Shams universitetlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi. O‘simliklar himoyasi, agronomiya, seleksiya va urug‘chilik, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi yo‘nalishlarida qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va qo‘shma fakultetlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: