Misr Arab Respublikasi Prezidentining 2018-yil sentyabr oyida O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi Toshkent va Qohira o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan edi. Ikki tomonlama hujjatlarning butun to‘plami bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. O‘tgan yili ikki davlat qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tgan edi.
Bugun O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasidagi munosabatlar mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona va iliq munosabatlar tufayli sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu, hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun barcha resurslar va ilmiy zaxira mavjud bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama aloqalar sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi tarkibida qator vazirlik va idoralar, jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati ham bor. Paxtachilik sohasida o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Misr ham O‘zbekiston singari o‘zining paxtasi, ayniqsa, jahon bozorida juda mashhur va xaridorgir bo‘lgan ingichka tolali navlari bilan mashhur.
Joriy yilda O‘zbekistonda 18 ming gektar maydonga ana shunday ingichka tolali paxta ekish mo‘ljallanmoqda. Rivojlanayotgan tendensiyalarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston rahbarining 2022-yildagi qaroriga muvofiq, Surxondaryo viloyatida ingichka tolali paxta yetishtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Gap shundaki, oq oltinning bu navlarini yetishtirish butun vegetativ davrda yuqori haroratni talab qiladi. Shuning uchun ularni yetishtirish uchun eng maqbul hududlar Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlaridir.
O‘tgan yilning 30-noyabr kuni Misr paxtachilik, urug‘chilik va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan ingichka tolali paxtachilik mahalliy ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Bugungi kunda mazkur ilmiy markazlar o‘rtasida genofond almashinuvi, organik paxta tolasini yetishtirish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy tadqiqotlar olib borish, o‘zbek navlarini Misrda sinovdan o‘tkazish, ikki davlatning urug‘chilikka bo‘lgan standartlar va talablarini muvofiqlashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shuningdek, g‘o‘zaning tezpishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarini yaratish hamda O‘zbekiston va Misr patentlarini o‘zaro tan olishni tashkil etish bo‘yicha seleksiya ishlari qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni mustahkamlashning muhim qadamlaridan biridir.
O‘zbekiston Prezidentining Misrga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Misr Arab Respublikasi qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vaziri Al-Said Al-Qosayr o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun fitosanitariya va o‘simliklar karantini bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish juda muhim ekani ta’kidlandi. Oliy darajadagi tashrif chog‘ida mazkur yo‘nalishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish, eksport qilish va reeksport qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini ko‘rib chiqish va berish jarayonini tezlashtiradi. Vazirliklar rahbarlarining yig‘ilishida ingichka tolali paxtachilikni rivojlantirish, ilmiy yo‘nalishdagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda ham, Misrda ham katta salohiyatga ega oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, bu salohiyatdan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Chorvachilik va veterinariya sohasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlar mavjud. O‘zbekistonda Misr texnologiyasidan foydalangan holda veterinariya preparatlari va ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqarishni tashkil etish taklifi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, Misr intensiv baliq yetishtirish bo‘yicha katta tajribaga ega, bu ham alohida e’tiborga loyiqdir. Mamlakatlarimiz bir-biridan uzoqda joylashganiga qaramay, O‘zbekiston va Misrning kesishish nuqtalari ko‘p. Qishloq xo‘jaligi ham bundan mustasno emas. Bugungi kunda soha rahbariyati oldida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va nomenklaturasini oshirish, ilmiy almashinuvni kengaytirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasi turibdi.
Ushbu uchrashuv davlatimiz rahbarining Misr Arab Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi oldidan o‘tkazilgan bo‘lib, o‘z navbatida mazkur muloqot va amaliy harakatlar rejasi tashrifda imzolanajak hujjatlar bilan mustahkamlanadi.
Tashrif tafsilotlari haqida rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarimizda batafsil ma’lumot berib boramiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: