Keyingi yillarda mamlakatimizda agrar sohadagi amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtarish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan sohaga joriy etilgan klaster tizimi qishloq xoʻjaligini texnik jihatdan modernizatsiya qilish imkonini berdi. Sanoat va qishloq xoʻjaligini bir-biriga bogʻlab, manfaatdorlik, eng asosiysi fermerlarning daromadi oshishiga sabab boʻldi. Ayni paytda Respublika boʻyicha mavjud 134 ta paxta-toʻqimachilik klasterining 11 tasi aynan Buxoro viloyatida faoliyat yuritmoqda.
Buxoroga tashrifi doirasida davlatimiz rahbarining viloyatdagi paxta-toʻqimachilik klasterlari, faol fermerlar va dehqon xoʻjaliklari rahbarlari bilan ochiq suhbati boʻlib oʻtdi. Unda bozor konyunkturasidagi oʻzgarishlar, klasterlar oldidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, klasterlarning eng asosiy vazifasi mahallalardagi ishsiz aholini yangi ish oʻrinlari yaratish orqali ish bilan taʼminlash, hosildorlikni oshirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va soha eksportini oshirishdan iborat.
Bu boʻyicha Buxorodagi klasterlar tomonidan 2022-yilda qariyb 99 ming gektar yerda 358 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirilgan. Jami 2 trillion 36 milliard soʻmlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 3 ming 600 ta ish oʻrni yaratilgan. Tashqi bozorga qariyb 77 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Viloyatdagi 11 ta klasterga 99,2 ming gektar paxta maydoni toʻliq biriktirilgan boʻlib, shundan 6,5 ming ga. maydoni klasterlarning oʻzida, 92,7 ming ga. esa fermerlar bilan fyuchers shartnomasi asosida. Hosildorlik 2016-2022 yillarda 26,2 sentnerdan 34 sentnerga oshdi. Jumladan, Buxoroda29,4 sentnerdan 34,5 sentnerga yetgan.
Qishloq xoʻjaligiga 1,2 mlrd. dollar investitsiya kiritilib, 7 mingdan ortiq yangi yuqori unumli texnikalar olib kelindi, 152 ming gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilindi va 30 ming gektar yerlar foydalanishga kiritildi. Jumladan, “Buxoro agroklaster” — 4,2 ming gektar yer maydonini qayta foydalanishga kiritgan. “VBM Romiteks” 4,6 ming gektar, “Buxoro Agroklaster” 3,6 ming gektar, “BST Agroklaster” 2,5 ming gektarga suv tejovchi texnologiya oʻrnatgan. Shuningdek, 4,1 mlrd. dollarlik 265 ta qayta ishlash quvvatlari ishga tushirilib, 288 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.
Ayni paytda paxta tolasi toʻliq va ip kalavaning 45 foizi qayta ishlanmoqda. Toʻqimachilik sohasining yillik eksport salohiyati esa 3,2 milliard dollardan oshdi.
Shuningdek, uchrashuvda klasterlar faoliyatida muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash, innovatsion yechimlarni joriy etish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: