Qishning uzun tunlari yarim kechagacha davom etadigan gurunglarda ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon-u kayvoni onaxonlarimiz “Qantar og‘di”, “Qantar og‘sa qor turmaydi” deya taʼkidlaganlarini ko‘p eshitganmiz. Qo‘li gul bobodehqonlarimizning hisobi bo‘yicha qantar og‘ishi 22-25 fevralga to‘g‘ri keladi. Qantar og‘ishi arafasida mana bir necha kundirki mamlakatimiz bo‘ylab yomg‘ir yog‘moqda.
Bu shunday yomg‘irki –Yaratganning rahmati, marhamati, barakoti unda mujassam.
Bu shunday yomg‘irki – qishning qahraton sovuqlaridan zerikkan qalblarga sokinlik bilan birga bahor nafasini, bahorning tarovatini olib kiradi.
Bu shunday yomg‘irki – ohistagina tushayotgan tomchilar yer sathiga bir tekis taqsimlanmoqda.
Ho‘sh bir maromda, to‘xtovsiz, sokin yog‘ayotgan bu yomg‘ir qishloq xo‘jaligi ekinlariga qanday taʼsir ko‘rsatadi?
Ayni paytda yog‘ayotgan yomg‘ir suvi harorati +4-+7 darajada tuproqqa tushganligi sababli tuproqning haroratini ko‘taradi va muzlagan tuproq qatlamining tezroq erishiga olib keladi. Yomg‘ir suvi chuchuk bo‘lganligi uchun yerdagi tuz konsentratsiyasini pasaytiradi. Qish va erta bahor oylarida tuproqda suvning bug‘lanish koeffisiyenti past (deyarli 0 ga teng) bo‘lishi ko‘p yillik ilmiy va ishlab chiqarish tajribalarda o‘z isbotini topgan. Demak, fevral oyida yoqqan yomg‘ir bug‘lanish koeffisiyenti pasligi xisobiga tuproqda zaxira nam sifatida saqlanadi.
Qantar og‘ishidan oldin yog‘ayotgan bu yomg‘ir kuzgi boshoqli don ekinlarining vaqtliroq uyg‘onishini taʼminlaydi. Erta uyg‘ongan ekinlarning o‘suv davrida generativ va vegetativ organlari yaxshi rivojlanadi. Bu esa albatta hosildorlikning oshishini taʼminlaydi.
Joriy yil qish fasli (yanvar) har yilgidan sovuq bo‘lishi, erta muddatlarda ekilib, tuplangan holda qishlovga kirgan g‘alla maydonlari uchun samarasi yuqori bo‘ldi.
Ammo, bu sovuq ayrim sabablarga ko‘ra optimal muddatlardan kech ekilib, qishning sovuq xarorati bugungi kunda 1-2 barg xolatida rivojlanayotgan g‘allaning rivojlanishiga biroz salbiy taʼsir ko‘rsatgan bo‘lsada, bugungi kunda respublika xududlarida yog‘ayotgan surunkali yomg‘ir, kuz oylarida ayrim sabablarga ko‘ra sug‘orilmagan va to‘liq unib chiqmagan g‘alla maydonlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Shuningdek, g‘alla nixollarida qo‘shimcha tup hosil qilishiga ijobiy taʼsir qiladi. Erta bahorgi azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirilgan g‘alla maydonlarida, mineral ozuqaning tuproq ostiga singishiga va o‘simlik ildizi orqali yaxshi o‘zlashtirishiga samarli taʼsir qiladi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: