Kartoshka ekinlari turli kasalliklar, zararkunandalar va begona o‘tlar tomonidan jiddiy zararlanishi mumkin. Shuning uchun ushbu ekinlarlarni himoya qilishning yaxlit tizimini o‘z vaqtida qo‘llash muhim hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etilgan treninglarda buni qay tarzda samarali amalga oshirish mumkinligi muhokama qilindi.
Ushbu treninglarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ishtirok etishdi.
Treninglar FAO va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021-yilda ishga tushgan «COVID-19ga javoban kartoshkachilik tarmog‘ini tiklash va rivojlantirish» loyihasi doirasida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda kartoshkani zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, treninglar davomida kartoshka urug‘chiligini takomillashtirish usullari, uni yetishtirish texnologiyasining xususiyatlari va almashlab ekishdagi o‘rni o‘rganilib, sug‘orish tizimi va o‘g‘itlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mutaxassislar kolorado qo‘ng‘izi, kartoshka kuyasi, oq pashsha zararkunandalariga hamda begona o‘tlarga qarshi kurashishning eng samarali usullari va o‘simliklarning eng zararli kasalliklari – “rizoktonioz” va “fuzarioz” ning oldini olish mavzusini muhokama qilishdi.
FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov:
— “COVID-19 ga javoban kartoshkachilik tarmog‘ini tiklash va rivojlantirish” loyihasi doirasida yuqori, barqaror va sifatli hosil yetishtirish orqali O‘zbekistonda kartoshka ishlab chiqarish salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan. Biz iqlim va tuproq sharoitini hisobga olgan holda yangi ko‘nikmalarni mahalliy muhitga moslashtirgan holda mamlakatda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga intilamiz. Loyiha doirasida kartoshka navlarini ro‘yxatga olish va urug‘larni sertifikatlash tizimini takomillashtirish, kartoshka yetishtirishni modernizatsiya qilish, uni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, mahsulotlarni saqlash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yurituvchi fermerlar, agronomlar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlashga oid ishlar olib borilmoqda”.
O‘quv mashg‘ulotlari yakunlangach, barcha ishtirokchilar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi xususiy korxonaga tashrif buyurib, bu yerda kartoshkani saralash, saqlash va qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: